AQSH 2019-yilda Shimoliy Koreyaning Ispaniyadagi elchixonasiga uyushtirilgan hujumda ishtirok etgan fuqarolarni KXDRga ekstraditsiya qilishi kerak. Bu haqda Koreya Markaziy telegraf agentligi (KCNA) tomonidan chop etilgan diplomatik missiya bayonotida aytiladi.
![](/static/2023/surayyo2/photo_2023-04-04_10-29-48.jpg)
“Qo‘shma Shtatlar rasmiy uzr so‘rashi va KXDRning Ispaniyadagi elchixonasiga qilingan hujum uchun tovon to‘lashi, voqeaga aloqador barcha jinoyatchilarni hibsga olishi hamda zudlik bilan topshirishi kerak”, — deyiladi bayonotda.
Shimoliy Koreyaning Madriddagi elchixonasiga hujum 2019-yilning fevralida sodir bo‘lgan edi. Hujum haqida bir necha kundan keyin Ispaniyaning El Confidential nashri manbalaridan ma’lum bo‘lgan. Gazetaning qayd etishicha, voqea o‘sha paytdagi AQSH prezidenti Donald Tramp va Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning Vyetnam poytaxti Xanoydagi uchrashuvidan bir necha kun oldin sodir bo‘lgan.
Gazeta suhbatdoshlarining aytishicha, o‘shanda o‘n kishilik guruh elchixonaga bostirib kirgan. Hujumchilar diplomatik missiya xodimlarini bog‘lab qo‘yib, to‘rt soatdan ortiq ushlab turishgan. Hujumchilar elchixonadan kompyuterlar va boshqa ma’lumot saqlash vositalarini olib chiqib ketishgan. Keyinroq El Confidencial hujumchilar Shimoliy Koreyaning Madriddagi sobiq elchisi Kim Xyok-Chxol bilan bog‘liq ma’lumotlarni qidirgani haqida xabar berdi. U Xanoyda bo‘lib o‘tadigan davlat rahbarlari sammitiga tayyorgarlik ko‘rishda ishtirok etgan, deb ma’lum qildi nashrga manbalar.
Hodisadan keyin mahalliy huquq-tartibot idoralari tomonidan tergov boshlangan. Ispaniya nashrining yozishicha, tergovchilar tomonidan ko‘rib chiqilgan versiyalardan birida hujum AQSH razvedka idoralari tomonidan rejalashtirilgani aytilgan.
Shimoliy Koreya rasmiylari hujum haqida ilk bor 2019-yil mart oyi oxirida bayonot bergan edi. Ular buni terakt deb atashdi va AQSHning hujumga aloqadorligi haqidagi xabarlarni diqqat bilan kuzatishlarini ta’kidladi.
AQSHda esa sobiq dengiz piyodasi Kristofer An hujum ishi bo‘yicha hibsga olingan. The Washington Post gazetasi u Free Joseon (“Ozod Choson”) guruhining a’zosi ekanligini yozgan. Guruh vakillari o‘zlarini Shimoliy Koreyaning muxolif hukumati yoki “surgundagi hukumat” deb atashadi. Elchixonaga qilingan hujumdan bir oy o‘tib, ushbu guruh buning uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Hujum ishi doirasida AQSH va Ispaniya huquq himoyachisi Adrian Xon Channi ham qidiruvga bergan.