Amerika kosmik agentligi NASA 2024-yilda Artemis-2 missiyasi doirasida Oy atrofida uchishi kutilayotgan to‘rt nafar astronavtning ismlarini e’lon qildi.
NASA saytidagi xabarga ko‘ra, Oy missiyasi ekipajiga uch nafar amerikalik — Kristina Kox, Viktor Glover va Rid Uaysmen hamda bir nafar kanadalik Jeremi Xansen kirdi.

Chapdan o‘ngga: Kristina Kox, Rid Uaysmen (o‘tirgan), Viktor Glover va Jeremi Xansen
NASA ushbu to‘rt astronavt 50 yildan ko‘proq vaqt ichida Oyga uchadigan birinchi odamlar bo‘lishini ta’kidladi. Bundan tashqari, Oy missiyasi ekipaji birinchi marta ayol kishidan, afroamerikalik va kanadalik astronavtlardan iborat bo‘ladi, deb qo‘shimcha qildi kosmik agentlik.
Oyga parvoz 2024-yilning noyabr oyidan oldin amalga oshiriladi. Artemis-2 missiyasi o‘n kun davom etishi kutilmoqda. Uchirishdan so‘ng SLS (Space Launch System) kosmik raketasining ikkinchi bosqichi Orion kosmik kemasini elliptik orbitaga olib chiqadi, orbita Yerdan 2 900 kilometrgacha balandlikdan o‘tgan, deb yozadi The New York Times. Keyin Orion Oyga yaqinlashadi, lekin uning orbitasiga kirmaydi, aksincha, Oyning tortishish kuchidan foydalanib, Yerga qaytadi.
2022-yil dekabrida Artemis-1 missiyasi yakunlangan edi, uning davomida Orion kosmik kemasi sinov rejimida uchuvchisiz Oyga uchib, uning orbitasida bir necha hafta bo‘ldi va Yerga qaytdi.
Artemis-3 missiyasi 2025-yildan oldin amalga oshiriladi, uning davomida astronavtlar Oy yuzasiga qo‘nishni rejalashtirmoqda.
Izoh (0)