Toshkent viloyatining Bo‘ka tumani murojaatchining sarson bo‘lishiga sababchi bo‘lgan uch nafar mansabdor egallab turgan lavozimidan ozod qilinib, bir nafariga intizomiy jazo qo‘llanildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, birinchi guruh nogironi bo‘lgan fuqaroning murojaati e’tiborsiz qoldirilgan. “Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori talablariga rioya qilinmasdan, auksion orqali olingan yer unga o‘z vaqtida ajratib berilmasdan, sansolarlikka yo‘l qo‘yilgan.
Bo‘ka tumani hokimligining umumiy bo‘limi mudiri o‘zini viloyat hokimining yordamchisi, deb tanishtirgan hamda murojaatchini yolg‘on vaʼdalar bilan bir necha marta aldab kelgan. Mahallada faoliyat olib borayotgan hokim yordamchisi vaziyatni yumshatish, fuqaroga yordam berish o‘rniga shu chog‘gacha aldab kelgan. Shu tariqa auksionda yutib olingan yerga bahorgi ekin ekish, yerni tayyorlash kechikkan.
Shu sababli viloyat hokimi vaziyat bo‘yicha tanqidiy yig‘ilish o‘tkazib, uch nafar mansabdor egallab turgan lavozimidan ozod qilgan, yana bir nafar mansabdorga intizomiy jazo qo‘llanilgan.
Izoh (0)