Donetsk viloyatining Slavyansk shahri yaqinida ukrainalik harbiylar Xitoyda ishlab chiqarilgan va qurollangan Mugin-5 dronini urib tushirdi. Bu haqda CNN xabar berdi.

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya nazorati ostidagi hududda joylashgan Ukraina Xavfsizlik xizmati agentlari dron uchirilgani haqida Slavyansk shahridagi harbiy qismni ogohlantirgan. 11-mart kuni tungi soat 02:00 da ukrainalik askarlar dron ovozini eshitgan va uning ustida miltillovchi chiroqni ko‘rgan. Harbiylardan birining so‘zlariga ko‘ra, dron juda past balandlikda parvoz qilgan, bu esa uni AK-47 yordami bilan urib tushirishga yordam bergan.

Keyinchalik bu Xitoyning sharqiy qirg‘og‘idagi Syamen port shahrida ishlab chiqarilgan Mugin-5 tijorat droni ekani aniqlangan. Texnologik blogerlarning fikriga ko‘ra, u “Alibaba dronlari” nomi bilan tanilgan, chunki ular Xitoyning veb-saytlarida, jumladan, Alibaba va Taobao’da 15 ming dollargacha narxda sotiladi.

Mugin Limited CNN’ga bu ularning shaxsiy droni ekanini tasdiqlagan. “Dron Ukrainada foydalanilganini ma’qullamaymiz. Buni to‘xtatish uchun qattiq harakat qilmoqdamiz”, — degan Mugin Limited vakili CNN’ga.

Mugin Limited 2-mart kuni e’lon qilgan bayonotida urush paytida o‘z mahsulotlaridan foydalanishni “qoralashi” va urush boshlanishi bilan Rossiya yoki Ukrainaga mahsulot sotishni to‘xtatganini aytgan.
Izoh (0)