“Toshshahartransxizmat” Xitoydan 800 ta avtobus olib kelinishi haqidagi xabarlar yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga asosan, Toshkent shahri jamoat transporti uchun 200 dona 18 metrli va 500 dona 12 metrli tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslar hamda 300 dona 12 metrli elektrobuslar xarid qilish belgilangan.
Hozirda Xitoyning Yutong Bus Co Ltd kompaniyasi va “Toshshahartransxizmat” o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan, Xitoyning Yutong Bus Co Ltd kompaniyasi tomonidan, 2023-yilning mart-may oylarida 12 metrli 500 dona Yutong rusumli avtobuslarni va 12 metrli 300 dona Yutong rusumli elektrobuslar ishlab chiqarish ishlari boshlangan bo‘lib, 2023-yilning mart oyi yakuniga qadar ushbu avtobuslarning 1-partiyasi, ya’ni, 110 dona avtobus va 150 dona elektrobuslar O‘zbekistonga yetkazib berilishi kutilmoqda.
“Shu o‘rinda barcha milliy OAV, jurnalist va blogerlardan tasdiqlanmagan ma‘lumotlarni tarqatmasliklarini va har qanday xabar, yangiliklarni davlat korxonalarining, shu jumladan, “Toshshahartransxizmat” AJning mutasaddi xodimlari yoki axborot xizmati orqali taqdim etilgan, asoslangan ma’lumotlarni e’lon qilishlarini so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.