O‘zbekistonda Xitoydan 800 ta Yutong avtobuslari olib kelinadi, ularning 300 tasi elektrda harakatlanadi. Bu haqda Yutong Bus o‘zining Facebook’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ular tez orada Toshkent ko‘chalariga chiqariladi.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida jamoat transporti mutlaqo o‘zgarishi haqida aytgan edi.
“Toshkent shahri uchun qo‘shimcha mingta zamonaviy avtobus sotib olinadi, 7 ta yerusti metro bekati ishga tushiriladi. Bu orqali har kuni 500 mingdan ziyod poytaxt aholisi va mehmonlariga qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi”, — degan edi davlat rahbari.
Davlat rahbari 13-dekabr kuni Uchtepa tumani faollari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda bosh vazirga mart oyigacha Toshkentga 1000 ta avtobus olib kelish bo‘yicha topshiriq berganini aytgandi. “Jamoat transportini isloh qilishimiz zarur. Yutuqlar bilan birga, kamchiliklarimiz ham juda ko‘p”, — degandi prezident.
Avvalroq “O‘zmilliybank” AJdan xorijiy moliya institutlari mablag‘lari hisobidan uzoq muddatli va imtiyozli kredit mablag‘larini jalb qilgan holda qo‘shimcha 2 mingta avtobus sotib olinishi to‘g‘risida xabar berilgandi. Buning uchun 230 million dollar xorijiy kredit liniyalari mablag‘lari sarf qilinadi.