Senatning yalpi majlisida energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirishga oid qonun muhokama qilindi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda bugungi kunda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq qonunbuzarliklar salmog‘i ortmoqda. Xususan, Bosh prokuratura tomonidan 2022-yil va 2023-yilning o‘tgan davri yuzasidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik holatlari bo‘yicha 433 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga 368,1 milliard so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.
Shuningdek, suv taʼminoti tarmoqlariga 1 624 ta noqonuniy ulanishlar aniqlanib, qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan shaxslardan 7 milliard 144 million so‘mlik qo‘shimcha to‘lovlar undirilgan.
“Amaldagi Jinoyat kodeksida belgilangan energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik choralarining yetarli emasligi bunday jinoyat sodir etib, davlatga katta miqdorda zarar yetkazgan shaxslarga nisbatan bugungi kunda tegishli choralar ko‘rish imkoniyatini bermayapti”, — deyiladi xabarda.
Shu sababli energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik, bu boradagi vakolatli organlarning ko‘rsatmalarini bajarmaganlik holatlari uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish zarurati vujudga kelganligi alohida qayd etilgan.
Mazkur qonun yuqoridagi muammolarni bartaraf etish bilan birga energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Xususan, umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud ularni hisobga olish asboblari va plombalariga qasddan shikast yetkazish, shuningdek, ushbu qilmishlarni kommunal xizmati tashkilotlarining mansabdor shaxslari yoki xodimlari bilan til biriktirib, sodir etilgan jinoyat holatlari endilikda o‘g‘rilik jinoyati deb baholanishi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, Jinoyat kodeksiga “tijorat maqsadi” tushunchasi kiritilib, jismoniy va yuridik shaxslarning muayyan faoliyatida foyda, daromad olish, naf ko‘rishga qaratilgan maqsad ekani belgilanmoqda. Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlar bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilishi qonun bilan mustahkamlanmoqda.
Sohada davlat nazoratini to‘liq taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan berilgan yozma ko‘rsatma va taqdimnomalarni bajarmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni ko‘rib chiqish vakolati sudlarga berilishi muhokama markazida bo‘lgan.
Senatorlar elektr energiyasi va gazdan foydalanish qoidalariga rioya etmaslik holatlarini tezkorlik bilan bartaraf etish masalalariga oid vakolatlar sudlardan “O‘zenergoinspeksiya” va uning hududiy boshqarmalariga o‘tkazilayotganiga alohida eʼtibor qaratgan. Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan maʼqullangan.