Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov va hokim Zoir Mirzayev “Yashil makon” umummilliy loyihasi ishtirokchilariga ko‘chat ekish bo‘yicha master-klass o‘tib berdi. Bu haqda jarayonni kuzatgan “Daryo” muxbiri xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Toshkent viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasining bahorgi mavsumiga start berilgan.
“Nurafshon shahrining ‘Yangi O‘zbekiston’ bog‘ida 24 gektar yer maydoniga ko‘chat ekish tadbiri bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur aksiyada respublika va viloyatdagi korxona-tashkilot xodimlari rahbarlari, masʼullar, nuroniylar, mahalla faollari, deputatlar, yoshlardan iborat 2000 dan ortiq ishtirokchilar 1000 tupdan ortiq manzarali hamda mevali daraxt ko‘chatlarini ekishadi”, — deydi viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Behzod Qobulov.
Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayevning jurnalistlarga maʼlumot berishicha, O‘zbekistonda boshlangan “Yashil makon” umumilliy loyihasi turkiy davlatlar sammitida yuqori baholangan va qo‘llab-quvvatlangan.
“O‘zbekistonda boshlangan ‘Yashil makon’ umumilliy dasturi turkiy davlatlar sammitida 10 dan ortiq davlat rahbarlari tomonidan eʼtirof etildi va qo‘llab-quvvatlandi. Turkiya davlati ham daraxt ekib, tabiat yashilligini avaylab asrashni boshladi. Markaziy Osiyo davlatlari ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, amalga oshiryapti. Umummilliy dastur sifatida boshlangan tashabbus umumjahon dasturiga aylanib bormoqda”, — deydi viloyat hokimi OAV vakillari bilan suhbatda.
Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimovning aytishicha, “Yashil makon” umummilliy dasturining Toshkent viloyatida o‘ziga xosligi bu viloyat hokimining shaxsiy namuna bo‘layotgani hisoblanadi.
“Mazkur loyihaning Toshkent viloyatidagi muhim jihati viloyat hokimining shaxsiy namunasi bo‘lmoqda. Shu sabab men shaxsan viloyat hokimiga tashakkur izhor qilaman va hokimning shaxsiy namunasi viloyatdagi tashkilot va korxona rahbarlari va fuqarolarga turtki bo‘ladi deb ishonaman. ‘Yashil makon’ umumilliy loyihasini amalga oshirish davomida faqat daraxt ekish emas, hududdagi ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan suhbatlashib, imkon qadar tabiatga zararni kamaytirish kerak. Biz bu borada viloyat hokimi bilan kelishdik va qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni rejalashtirib oldik”, — deydi Aziz Abduhakimov.
Vazirning maʼlumot berishicha, Toshkent viloyati hamda Nurafshon shahrida oyida bir necha kun avtomobilsiz kun loyihasi amalga oshiriladi.