Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi imtihonni oldindan topshirganlar darslarga bormasligi mumkinligi to‘g‘risidagi xabarlarni rad etdi.
Qayd etilishicha, bu xabarlar maktabni o‘z vaqtida tugata olmaganlarning eksternat tartibida imtihon topshirish uchun arizalar berish bilan bog‘liq xabarning noto‘g‘ri talqin qilingani natijasida tarqatilgan.
Eksternat tartibidagi imtihonlar uchun arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn topshiriladi, natija 2 kunda fuqaroga ma’lum qilinadi, davlat xizmati bepul amalga oshiriladi.
Shuningdek:
- fuqaro faqat baholar tabeli va ma’lumotnomani elektron shaklda topshiradi (avval hujjatlar soni 5 ta bo‘lgan);
- arizalar 2 kunda ko‘rib chiqilib, natijasi fuqaroga onlayn yuboriladi.
Yakuniy davlat attestasiyasidan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolarga davlat namunasidagi shahodatnoma beriladi. Ushbu davlat xizmati joriy yilning 1-martidan ishga tushiriladi va 1-mayga qadar davom etadi.
“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, fuqarolarning umumiy o‘rta ta’lim olish huquqini ta’minlash maqsadida eksternat tartibida imtihonlarda faqat o‘z vaqtida turli sabablarga ko‘ra umumiy o‘rta ta’limni yakunlay olmagan, aniqroq aytganda, maktabni to‘liq bitirmagan 18 yoshdan oshgan fuqarolar ishtirok etadi.
Eksternat tartibidagi imtihonlarning maktabda ta’lim olayotgan o‘quvchilarga aloqasi yo‘q va ularga tatbiq etilmaydi.
Izoh (0)