AQSH fuqarolari Ukrainadagi urushning “kutilmagan oqibatlari” tufayli Rossiyaga safardan tiyilishi, Rossiya hududida bo‘lganlar esa zudlik bilan mamlakatni tark etishi kerak. Bu haqda Amerika elchixonasi saytida chop etilgan ogohlantirishda aytiladi.
Elchixonaning qayd etishicha, Rossiya hukumati Rossiyada yashaydigan amerikaliklarning ikki fuqaroligini tan olmasligi, ularni AQSH konsullik yordamidan mahrum etishi, shuningdek, safarbarlikka jalb qilishi va mamlakatni tark etishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.
“Agar Rossiyani tark etishni istasangiz, o‘zingiz imkon qadar tezroq harakat qilishingiz kerak. AQSH elchixonasi AQSH fuqarolariga mamlakatni tark etishga yordam berishda jiddiy cheklovlarga ega, transport imkoniyatlari esa kutilmaganda yanada cheklanishi mumkin”, —deyiladi bayonotda.
Bundan tashqari, AQSH elchixonasi Rossiyadagi fuqarolariga “har qanday siyosiy yoki ijtimoiy noroziliklardan saqlanishni” va bunday aksiyalarda maxsus xizmatlar xodimlarini suratga olmaslikni tavsiya qildi.
Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyoti boshlanganidan beri Amerikaning Moskvadagi elchixonasi o‘z fuqarolariga Rossiyani tark etishni so‘rab bir necha bor murojaat qildi. Oxirgi marta bunday murojaat sentabr oyi oxirida, Rossiyada qisman safarbarlik boshlanganidan keyin e’lon qilindi.
Rossiyada safarbarlik tadbirlari 21-sentabrdan boshlandi. Vladimir Putin bu “Rossiya suvereniteti, uning hududiy yaxlitligini himoya qilish va xalqlar xavfsizligini ta’minlash uchun” zarur ekanligini ta’kidladi. 28-oktabr kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu safarbarlik tugaganini, ko‘ngillilarni xizmatga olish davom etishini ma’lum qildi.
Izoh (0)