Turkiyada 6-fevral kuni sodir bo‘lgan zilziladan keyin qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Bu safar qutqaruvchilar 140 soat davomida vayronalar ostida qolib ketgan yetti oylik chaqaloqni qutqardi. Bu haqda “Zakon.kz” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, chaqaloqning ismi Hamza bo‘lib, u qutqarilgunga qadar vayronalar ostida qimir etmay yotgan.
Qutqaruvchilar avval ham bir necha sutka davomida vayronalar ostida bo‘lgan odamlarning hayotini saqlab qolgan. Shumladan, 96 soat davomida vayronlar ostida qolgan suriyalik qiz qutqarib qolingandi.
Zilzila sodir bo‘lgan hududda qutqaruv ishlarini olib borayotgan o‘zbekistonlik qutqaruvchilar zilziladan 102 soat o‘tib vayronalar ostida qolgan 32 yoshli erkakni tirik olib chiqqandi. Turkiyaga O‘zbekistondan 100 kishidan iborat qidiruv-qutqaruv otryadi jo‘natilgan.
Qidiruv-qutqaruv operatsiyasi boshlanganidan buyon O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari 13 nafar jabrlangan va 64 nafar halok bo‘lganlarni vayronalar ostidan olib chiqdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyadagi zilzila qurbonlari soni 24,6 ming kishidan oshdi, halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar soni o‘sishda davom etmoqda.
Izoh (0)