Rossiyaning Azur Air aviakompaniyasining Moskvadan Goaga uchayotgan aviareysi havo kemasiga mina joylashtirilgani haqidagi xabarlar tufayli, O‘zbekistonga qayta yo‘naltirildi, deb yozadi “TASS” Hindiston Fuqarolik aviatsiyasi vazirligiga tayanib.
Idorada ma’lum qilishlaricha, samolyot bortida 240 kishi bor. Ani agentligi Goa aeroportidagi manbasiga tayanib xabar berishicha, samolyotda 238 nafar yo‘lovchi (ular orasida 2 nafar chaqaloq bor) va yetti nafar ekipaj a’zosi bor.
Bu Azur Air kompaniyasining Moskva — Goa yo‘nalishidagi reysiga mina joylashtirilgani haqida xabar kelib tushishi bilan bog‘liq so‘nggi bir oy ichidagi ikkinchi holatdir. 9-yanvar kuni Moskvadan Goaga uchayotgan Azur Air samolyoti mina haqidagi xabarlar tufayli Hindistonning Gujarat shtatiga qo‘ngandi. Bort ko‘zdan kechirilganida portlovchi moddalar va shubhali buyumlar topilmagan.
Eslatib o‘tamiz, 13-yanvar kuni Rossiyaning Moskva — Bangkok yo‘nalishidagi reysni amalga oshirayotgan “Aeroflot” aviakompaniyasi samolyoti shoshilinch ravishda Samarqandga qo‘ngan, bunga homilador ayolning salomatligi yomonlashgani, shuningdek, bortda yuzaga kelgan janjal sabab bo‘lgan edi.
18-yanvar kuni esa “Aeroflot” kompaniyasi samolyoti Moskvadan Goaga uchayotgan vaqtida Urganchga qo‘ndirildi. AFL236 yo‘lovchi reysi Goa yo‘nalishi bo‘yicha uchayotgan vaqtda mast holatda zo‘ravonlik qilgan yo‘lovchi sabab Urganch xalqaro aeroportidagi muqobil aerodromga kelib qo‘ngan.
Mavzuga doir: Toshkentdan Olmaotaga uchayotgan samolyot kuchli havo girdobiga tushib qoldi
Izoh (0)