Ijtimoiy tarmoqlarda yosh bolaning hovlida ilonlarni o‘ynab yurgani aks etgan video tarqalib, keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgandi. Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati holat yuzasidan ma’lumot berdi.
O‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘lishicha, voqea Ohangaron tumanining “Go‘shsoy” mahallasida 2022-yilning iyunida sodir bo‘lgan.
Holat yuzasidan Ohangaron tumani Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Shohrux Xolboyev voqea sodir bo‘lgan F.N.ning xonadonida bo‘lib, yosh farzandini ilon bilan o‘ynashiga yo‘l qo‘yib bergani, bu esa bolaning hayoti va sog‘ligiga xavf solishi mumkinligi hamda bunday videolarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida suhbatlashib, tushuntirish ishlarini olib bordi.
Fuqaro o‘z qilmishi noto‘g‘ri bo‘lganini, buning oqibatida farzandiga zarar keltirishi haqida o‘ylamagani, ayniqsa, holatni videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishi boshqalar uchun ham zarar keltirishi mumkinligini bilmaganini ta’kidlab, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymasligini aytgan.
Izoh (0)