Radiy va poloniy moddalarini kashf etgan olima Mariya Sklodovskaya-Kyurining hayoti har qanday to‘siqlarga qaramay, o‘z huquqlarini himoya qilib, maqsadi sari intilgan ayolning doimiy kurashi aks etgan hikoyadir. U Nobel mukofotining ikki karra laureati, bu sharafga sazovor bo‘lgan dunyodagi birinchi ayol, Parij tibbiyot akademiyasining a’zosi, shuningdek, Sorbonnada dars bergan ilk o‘qituvchi ayol hamdir. AdMe nashri olima hayoti davomida amal qilgan quyidagi 10 saboqning hozirda ham kimgadir nafi tegadi, degan umidda e’tiboringizga havola etadi.

Bahona qilmang, rejalar tuzing

Foto: AdMe

17 yoshida o‘rta maktabni tugatgan Mariya Sklodovskaya o‘qishni davom ettira olmadi — o‘sha paytda Varshava universiteti ayollarni qabul qilmagan. Biroq u taslim bo‘lishni xayoliga ham keltirmadi. Qiz Parij Sorbonnasida oliy ma’lumot olishi mumkin edi. Mariya va opasi — Bronislava vaziyatni to‘g‘ri tushungan holda bir necha yil tarbiyachi bo‘lib ishlashga va navbati bilan Sorbonnada o‘qishga kelishib oldi. O‘sha paytlarda birovning uyida yashay boshlagan Mariya nafaqat Parijga tahsil olish uchun jo‘nab ketgan opasini qo‘llab-quvvatladi, balki otasiga ham yordam berdi. 6 yil o‘tgach, 1891-yilda uning orzusi amalga oshdi – u ham o‘qish uchun Sorbonnaga ketdi.

Mustaqil o‘rganish uchun har doim vaqt topiladi

Foto: AdMe

Foto: AdMe

Tarbiyachi bo‘lib ishlash bilan birgalikda Mariya mustaqil izlanishda davom etdi. U kechasi sham yorug‘ida kitob o‘qir, shu bilan birga, dehqon bolalariga o‘qish va yozishni o‘rgatishga vaqt topardi. Shuningdek, jismoniy faollik ham uning e’tiboridan chetda qolmadi: u konkida uchishni bilar, epchillik bilan eshkak eshar, ot ham minar edi.

Boshqalarning gap-so‘zlariga e’tibor bermang, oldingizga aniq maqsad qo‘ying

Foto: AdMe

Sorbonnada tengdoshlari tibbiyot fakultetini tanlagan bir vaqtda Mariya matematika, kimyo va fizika o‘qitiladigan tabiiy fanlar fakultetiga o‘qishga kirdi. Qabul qilingan yili u tabiiy fanlar fakultetining 2 mingga yaqin talabalari orasidagi 23 nafar talaba qizlardan biri edi. O‘qish bilan bir qatorda, laboratoriyada ilmiy amaliyot bilan shug‘ullandi. Sorbonnani tugatgandan so‘ng, Mariya butun universitet bo‘yicha o‘qishni bitirgan 2 ta ayoldan biri bo‘ldi. Aynan shu yerda u bo‘lajak turmush o‘rtog‘i — olim Pyer Kyuri bilan tanishdi.

Dabdabali to‘y — oilaviy baxtning kafolati emas

Foto: AdMe

Foto: AdMe

Mariya Pyer Kyurining turmush qurish haqidagi birinchi taklifni rad etdi, chunki u vataniga qaytib ta’lim sohasida ishlashni rejalashtirgandi. Lekin baribir to‘y bo‘lib o‘tdi va Mariya Parijda qoldi. 1895-yilning yozida Pyer va Mariya turmush qurishdi. Ular dabdabali to‘y va uzuklardan voz kechishdi, kelin to‘y libosi o‘rniga to‘q ko‘k kostyum-yubka kiydi, keyinchalik ko‘p yillar davomida laboratoriyada ham shu kiyimida ishladi. Yangi oila to‘y sovg‘asi sifatida hadya qilingan pullarga velosiped sotib olib, Il-de-Fransga — asal oyini o‘tkazish uchun sayohatga jo‘nab ketishdi.

To‘siqlar oldida taslim bo‘lmang

Foto: AdMe

Radiy borligini isbotlash uchun uning oz qismini uran rudasidan ajratish kerak edi. Pyer va Mariya bu vazifani uddalash uchun 4 yilni isitish va shamollatish tizimi yo‘q, tomidan chakki o‘tadigan molxonaga o‘xshash laboratoriyada o‘tkazishdi. Mariya og‘ir konteynerlarni ko‘tarib, rudani soatlab qaynatar, uni po‘lat aralashtirgich bilan doimo qorishtirib turish lozim edi. Shuncha sa’y-harakatlar o‘z samarasini berdi: 1903-yilda Mariya va Pyer Kyuri radiatsiyani o‘rgangani uchun fizika bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishdi.

Farzandlaringiz uchun yo‘l ko‘rsatuvchi mayoq bo‘ling

Foto: AdMe

Mariyaning to‘ng‘ich qizi — Iren Joliot-Kyuri ota-onasining izidan bordi: u fizika va kimyo sohasida olima bo‘ldi. U turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda sun’iy radioaktivlik hodisasini kashf etdi, buning uchun ular 1935-yilda kimyo bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishdi. Shunday qilib, Iren tarixda onasidan keyin Nobel mukofoti sovrindori bo‘lgan ikkinchi ayolga aylandi.

Mariyaning ikkinchi qizi — Yeva jurnalist, musiqachi va jamoat arbobi bo‘ldi. U onasining tarjimai holini yozib, Milliy kitob mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Baxtni pul emas, balki sevimli ishingiz olib keladi

Foto: AdMe

Foto: AdMe

Ko‘pchilik Nobel mukofoti sovindorlarini katta boylikka ega, ular hayot lazzatlaridan istaganlaricha bahramand bo‘lishlari mumkin, deb o‘ylardi. To‘g‘ri, Mariya va uning turmush o‘rtog‘i radiy kashfiyoti orqali juda katta boylik orttirishlari mumkin edi, lekin ular deyarli barcha mablag‘larini radioaktivlikni o‘rganish va radiy institutlarini tashkil etish uchun yo‘naltirishga qaror qilishdi. Ular hatto o‘z kashfiyotlarini patentlamagan ham. Nobel mukofoti berilgandan so‘ng esa Kyurilar mablag‘ni o‘z laboratoriyasini zarur uskunalar bilan jihozlash va kvartirasi uchun vanna sotib olishga sarflashdi.

Bid’atlardan yuqori turing

Foto: AdMe

Mariya Sklodovskaya-Kyuri Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan birinchi ayol bo‘lishiga qaramay, ilm ahli unga baribir erining yordamchisi sifatida munosabatda bo‘ldi. U butun umri davomida ba’zi olimlarning takabburligiga qarshi kurashdi, ularning hujumlariga dosh berdi va o‘z professionalligini isbotlash uchun radioaktivlik mavzusidagi eng qizg‘in bahslarda faol ishtirok etdi. Uning raqiblari istehzoli izohlarga saxiy edi, lekin Mariyani xijolat qilish oson emasdi. 1911-yilda u kimyo bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritib, yuqori darajali olima ekanligini yana bir bor isbotladi.

Shon-shuhrat sizni buzishiga yo‘l qo‘ymang

Foto: AdMe

Radiy kashf etilgandan so‘ng, Kyurilar shon-shuhratga ko‘milib ketdi. Mariyaning o‘zi yozganidek, fotograf va jurnalistlar kecha-yu kunduz uning uyi atrofida izg‘ishar, oilasi haqida ma’lumot olish uchun ularni tinmay poylashardi. Ular hatto gazetalarda qizining Bono laqabli mushugi bilan bo‘lgan suhbatlaridan iqtibos keltirardi. Vaziyat Pyerning fojiali o‘limidan keyin yanada yomonlashdi: Mariya va olim Pol Lanjevinning ishqiy munosabatlari tafsilotlari muhokama qilinib, olima sariq matbuot nishoniga aylandi. Mariya do‘stlarining yordami bilan jurnalistlarning bundayin jirkanch mish-mishlariga dosh berdi, u ishongan do‘stlari qatorida Albert Eynshteyn ham bor edi.

Hech qachon taslim bo‘lmang

Foto: AdMe

Mariya eridan ayrilgach, farzandlari bilan yolg‘iz qoldi, jurnalist va olimlarning hujumiga uchradi, radioaktivlikni o‘rganish jarayonida sog‘lig‘iga putur yetdi. Natijada u bir nechta operatsiyani boshidan o‘tkazdi, tushkunlikka tushib qoldi. Lekin har safar har qanday sharoitda ham u hayotining mazmuniga aylangan ishi bilan shug‘ullanishga o‘zida kuch topdi. Hatto vafotidan keyin ham olima har sohada “birinchi ayol” maqomini saqlab qoldi — uning xoki turmush o‘rtog‘iniki bilan birga faqat erkaklar dafn qilinadigan Panteonga ko‘chirildi.

Mariyaning o‘z ishiga fidoyiligi tufayli radioaktivlik haqidagi ta’limot fanning yangi bosqichga ko‘tarilishiga asos yaratdi. Radioaktivlik tibbiyotda, xususan, saraton kasalligini davolashda o‘z samarasini berdi.