Yorqin ko‘rinishi va nozik didi bilan tanilgan Iordaniya qirolichasini faqatgina buning uchun sevishmaydi, u shuningdek, musulmon ayollarning huquqlarini himoya qiladi va xayriya sohasidagi ishlarda ham doimo faol.

Sohibjamol va dono

Foto: Getty Images

Uning hayoti Zolushka haqidagi ertakni eslatadi. Bo‘lajak malika 1970-yilda Kuvaytda tug‘ilgan. Otasi shifokor, onasi esa oddiygina uy bekasi bo‘lgan. Qizlari Raniya ulg‘aygani sayin tobora jozibali bo‘lib borar va atrofdagilar qiz model yoki aktrisa bo‘lishiga ishonchlari komil edi. Ammo Raniya podiumdagi mashhurlikdan ko‘ra, ilm o‘rganishga ko‘proq qiziqardi. Bu bilimlari bilan u Misr poytaxtidagi Amerika universitetiga qiyinchiliksiz o‘qishga kirdi va uni muvaffaqiyatli tugatdi, so‘ng ota-onasining yoniga qaytdi.

Foto: Getty Images

Xarakterining namoyon bo‘lishi

Ammo tez orada tinch hayot tugadi: urush boshlandi. Iroq qo‘shinlari Kuvaytga bostirib kirdi, natijada Raniyaning oilasi Iordaniyaga qochishga majbur bo‘ldi. Iordaniyada u karyera qilishga qattiq kirishdi. O‘rgangan bilimlari va qobiliyatlari qizga rahbarlik lavozimiga hujjat topshirishga imkon berardi, ammo Apple’ning Iordaniyadagi filialida uni ishga olishmadi. Mag‘rur Raniya eshikni taraqlatib yopgancha chiqib ketdi. Ammo u ish so‘rab kelgan bank rahbari diplomli mutaxassis kelganidan xursand edi.

Yalang bosh bilan

Mazkur bank Iordaniyaning o‘sha paytdagi prezidenti — Husaynning qizi Oyshaga tegishli edi. Raniyani birinchi marta ko‘rgan Oysha uni “ohudek xushbichim va askar kabi intizomli” deb eslaydi. Raniya yoshligidanoq o‘jar va mustaqil xarakteri bilan ajralib turardi. Agar u biror narsani maqsad qilgan bo‘lsa, qarori qat’iy va o‘zgarishsiz qolardi. U musulmon mamlakatlaridagi odatga ko‘ra, boshiga ro‘mol o‘rashdan bosh tortdi. Ba’zilarning qoralovchi qarashlariga qaramay, u chodrada yurishni istamadi.

Foto: Getty Images

Bankdagi bayram ziyofati

Qiz shaxsiy hayoti haqida o‘ylamay, g‘ayrat bilan karyera qilishga kirishib ketdi. U 23 yoshga to‘lganida hamma narsa birdan o‘zgardi. Oysha xodimlar uchun ziyofat uyushtirdi, bu bayramda uning ukasi — shahzoda Abdulla ham ishtirok etdi. U haqiqatan ham yoqimli muhitda dam olishni, chiroyli qizlar bilan uchrashishni istagandi, chunki shahzoda tank mashg‘ulotlaridan endigina qaytgan, batalyonga komandirlik qilardi. Abdullaxon ziyofat oldidan uyga kirishga va harbiy mundirini fuqarolik kiyimiga almashtirishga ulgurdi. Uning Raniyaga tashlagan birinchi nigohi kelajakdagi hayotini belgilab berdi. Keyinchalik Abdulla jurnalistlarga bergan intervyusida o‘shandagi holatini izohlab, bu qiz unga kerak bo‘lgan yagona inson ekanligini darhol anglaganini aytgan.

Bir ko‘rishdagi muhabbat

Shahzodaning unga mulozamat qilishi dastlab Raniyaga zavqdan ko‘ra ko‘proq tashvish keltira boshladi. Qiz valiahd shahzoda bilan o‘zini qanday tutishni bilmasdi. Biroq Abdulla unga nisbatan shu qadar sabrli va e’tiborli bo‘ldiki, tez orada Raniyaning yuragini zabt etdi. Shahzoda uni vertolyotda sayr qildirar, Jipda go‘zal joylarga sayohatga taklif qilar, yoshlar birga dayving bilan shug‘ullanardi. Keyinchalik Raniya Abdulla bilan uchrashishi u o‘rganib qolgan qulaylik zonasidan chiqib ketishiga yordam berganini tan oldi. Vazmin xarakterli va uy qizi bo‘lgan Raniya avvaliga o‘zini tanimadi: u go‘zal joylar ustidan vertolyotda uchib o‘tayotganda zavq bilan qichqirar, Abdulla ko‘rsatgan dunyo unga yoqib qolgandi. Ikki oy o‘tgach, Raniyaning ota-onasi o‘z uyida aziz mehmonlarni qabul qilishdi: Iordaniya qirolining shaxsan o‘zi o‘g‘li Abdulla bilan Raniyaning qo‘lini so‘rab keldi.

Foto: Getty Images

“Qirollik olmosi”

Qirol oilasi Raniyani mehr bilan kutib oldi. To‘rt marta uylangan qirol Husayn o‘g‘lining oilada baxt topishini juda xohlardi. Abdullaning buvisi Raniyani ko‘rib: “Bu qiz qirollik sulolasining olmosiga aylanadi”, dedi. 1993-yilda ajoyib to‘y bo‘lib o‘tdi, bu quvonchli voqea sharafiga qirollikda umumiy dam olish kuni e’lon qilindi. Raniya malika bo‘ldi. Lekin u qirolicha bo‘lishini umuman kutmagan edi.

Gap shundaki, garchi Abdulla Husaynning to‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lsa-da, qirol ukasini merosxo‘r deb e’lon qilgan, shuning uchun Abdullaga taxt nasib qilmasdi. U bundan unchalik xafa bo‘lmadi: avval kollejda, keyin Oksfordda o‘qidi. So‘ngra Britaniya shahzodalari — Uilyam va Garri ta’lim olgan Harbiy akademiyani tamomladi. Ofitser bo‘lib, Iordaniya armiyasida xizmat qildi.

Eng yosh qirolicha

Qirol Husayn Raniyani o‘z oilasida iliq kutib olishi bilan birga kelinini chin dildan yoqtirib qoldi, uning do‘sti bo‘ldi. Shu sababli ham 1999-yilda og‘ir kasallikka chalingan qirol vasiyatnomasini qaytadan yozdi: yangi vasiyatnomaga ko‘ra, u vafot etganida katta o‘g‘li Abdulloh taxtga voris bo‘ladi. Bu kutilmagan voqea qirol o‘limidan ikki hafta oldin sodir bo‘ldi. Shunday qilib, Abdulla otasining vasiyatiga ko‘ra, qirol bo‘ldi, 29 yoshli Raniya esa tarixdagi eng yosh qirolichaga aylandi.

Foto: Getty Images

An’analarni taraqqiyot bilan birlashtiradi

Sohibjamol, ilg‘or, dono Raniya darhol fuqarolarininggina emas, balki butun dunyoning qalbini zabt etdi. Odamlar u haqda yangi “Jaklin Kennedi” va “Malika Diana” deb gapira boshlashdi. Raniya nafaqat qirollikning go‘zal “yuzi” edi, balki u dastlabki kunlardanoq muhim vazifalar — ijtimoiy muammolarni hal qilish va xayriya ishlarini o‘z zimmasiga oldi. Uning yordami bilan mamlakatda sayyohlik biznesi rivojlana boshladi.

Shuningdek, Raniya tufayli endi Iordaniyada Yevropa kiyimidagi mahalliy ayollarni uchratish mumkin.

Foto: Getty Images

Shu bilan birga, malika hech qanday “inqilob” qilmadi, Iordaniya hozirda ham an’analar chuqur hurmat qilinadigan musulmon davlati bo‘lib qolmoqda. Shunchaki, Raniya o‘zi misolida boshqa ayollarga ilhom berdi va ayollar urf-odatlarga sodiq qolgan holda o‘ziga yoqadigan ko‘rinishga ega bo‘lishi, jozibali, nazokatli va zamonaviy bo‘lishi mumkinligini tushundi. Aytish kerakki, Raniya liboslarida musulmon an’analari va yevropacha uslubni mohirona uyg‘unlashtira olgan, hech qanday beodoblikka yo‘l qo‘ymagan.

“Asosiysi boshdagi narsa emas, balki boshda nima borligi”

Djinsi shim kiyib yuradigan, oddiy odamlar bilan ko‘p gaplashadigan to‘rt farzandning onasi bo‘lgan qirolichadan ba’zida musulmon an’analarini buzyapsizmi, deb so‘rashadi. Va u tabassum bilan shunday javob beradi: din — majburlash emas. Uning o‘zi chodrada yurmaslikka qaror qilgan, lekin bu hech narsani anglatmaydi: bilimli, ochiq va ilg‘or ayol ham hijobda bo‘lishi mumkin, ba’zida esa aksincha bo‘ladi — juda konservativ musulmon ayollar ham boshi ochiq, chodrasiz yurishi mumkin. Iordaniya malikasining mana bu jumlasini esa hamma biladi: ayolni boshiga o‘ragan narsasiga qarab emas, miyasidagi narsaga qarab muhokama qilish kerak.

Foto: Getty Images

Hazil qilish tuyg‘usiga ega bo‘lgan obro‘li va bashang qirolicha

Raniya Iordaniya ayollariga ko‘p yordam beradi: o‘qish, ishlash va ijtimoiy faol bo‘lishni istaganlardan e’tiborini ayamaydi. Uning sharofati bilan bugungi kunda iordaniyalik ayollar tobora jiddiy lavozimlarni egallamoqda: ular kasalxona, sudlarda ishlamoqda, armiyada xizmat qilmoqda va bu anchadan buyon hech kimni hayratga solmay qo‘ygan. Qirolicha norasmiy tarzda “uslub malikasi” unvoniga ega va dunyodagi eng xushbichim ayol sifatida tan olingan. Bundan tashqari, Raniya sayyoradagi eng nufuzli xonimlar ro‘yxatida ham bor. Ammo uni shuning uchungina sevishmaydi. Raniya eri qirol Abdulla singari sodda va boshqalar bilan muloqot qilishda juda samimiy. U ajoyib hazil qilish tuyg‘usiga ega. Misol uchun, o‘tgan yili o‘zining yarim asrlik yubileyini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rayotgan malika intervyuda shunday degandi: avval tug‘ilgan kun tortidagi shamlarni o‘chirib, ularning sonidan hayron qoladi. Keyin esa “Aftidan, yillar o‘tib, tortning o‘zi ham kattalashishi kerak, to‘g‘rimi?” degan.