Timur Ishmetov O‘zbekiston moliya vaziri lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar qildi.
Qayd etilishicha, u prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Timur Ishmetov 1979-yilda Toshkentda tug‘ilgan. 2000-yilda Toshkent moliya institutini, 2005-yilda Birmingem universitetining International Money and Banking yo‘nalishida magistratura bosqichini, 2007-yilda Toshkent yuridik universitetini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 2000-yilda Markaziy bank iqtisodchisi lavozimidan boshlagan. 2017-yil apreligacha turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatdi. Jumladan, turli vaqtlarda Markaziy bankning Monetar operatsiyalar departamenti, Xalqaro rezervlarni boshqarish departamenti, Ichki valyuta bozoridagi operatsiyalar va Valyuta boshqaruvi va nazorati departamentiga rahbarlik qildi.
U 2020-yilning fevralidan buyon Moliya vazirligiga rahbarlik qilayotgandi. Undan avval moliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Izoh (0)