Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘z lavozimidan ozod etilib, moliya vaziri etib birinchi o‘rinbosari — Timur Ishmetov tayinlandi. Bu haqda bosh vazir Abdulla Aripov raisligida o‘tkazilgan selektor majlisida ma’lum bo‘lgan.

Jamshid Qo‘chqorov.

Foto: “Daryo”

“Daryo”ning hukumatdagi manbalari xabar berishicha, Jamshid Qo‘chqorov iqtisodiyot va sanoat vazir etib tayinlanib, shu bilan birga bosh vazir o‘rinbosari lavozimini saqlab qolgan.

Timur Ishmetov 2019-yilning may oyida moliya vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi. Avvalroq u Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Timur Ishmetov 1979-yilda Toshkentda tug‘ilgan. 2000-yilda Toshkent moliya institutini, 2005-yilda Birmingem universitetining International Money and Banking yo‘nalishida magistratura bosqichini, 2007-yilda Toshkent yuridik universitetini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2000-yilda Markaziy bank iqtisodchisi lavozimidan boshlagan. 2017-yil apreligacha turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatdi. Jumladan, turli vaqtlarda Markaziy bankning Monetar operatsiyalar departamenti, Xalqaro rezervlarni boshqarish departamenti, Ichki valyuta bozoridagi operatsiyalar va Valyuta boshqaruvi va nazorati departamentiga rahbarlik qildi.

Timur Ishmetov.

Foto: International Press Club

Timur Ishmetovning o‘rniga Nasriddin Xo‘jayev moliya vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlanishi kutilmoqda, deb yozmoqda “Gazeta.uz”.

Shu kunga qadar iqtisodiyot va sanoat vaziri lavozimida ishlab kelgan Botir Xo‘jayev esa bosh vazir maslahatchisi lavozimiga tayinlangan. U hukumat rahbariga sanoat va kooperatsiyalar bo‘yicha maslahatchi bo‘ladi.

Nodir Otajonov esa bosh vazir maslahatchisi lavozimidan ozod etilib, “O‘zagrotexsanoat” tashkilotidagi rahbarlik lavozimini saqlab qolgan.