Rossiya prezidenti administratsiyasi Ukrainadagi bosib olingan hududlarda 2023-yil sentabrida, hatto harbiy holat saqlanib qolgan taqdirda ham, saylovlar o‘tkazmoqchi. Bu haqda “Vedomosti” o‘z manbalariga tayanib yozmoqda.
Variantlardan biri saylov harakatlari muddatlarini uch barobar qisqartirishni ko‘zda tutadi, dedi manba jurnalistlarga. Qonunga muvofiq, hududiy saylovlarni belgilash haqidagi qaror ovoz berish kunidan ko‘pi bilan 100 kun, kamida esa 90 kun avvalroq qabul qilinishi kerak. Takroriy yoki muddatidan avvalgi saylovlar o‘tkazilgan taqdirda, bu muddatlar qisqartirilishi mumkin.
“Vedomosti” manbasiga ko‘ra, iyul oyida saylovoldi kampaniyasini boshlash uchun ushbu me’yorlardan birini qo‘llash yoki tuzatish kiritish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.
Nashrning yana bir suhbatdoshi ma’lum qilishicha, saylov o‘tkazish uchun harbiy holat haqidagi qonunga tuzatishlar kiritilishi mumkin. Uchinchi manbaaytishicha, “hozircha bunday tuzatishlar ishlab chiqilmayapti”.
“Yangi hududlardagi saylovlar juda muhim, chunki ular ham tashkiliy jihatdan, ham ramziy ma’noda ularning integratsiyalashuvi yo‘lidagi muhim qadamni belgilaydi, — dedi Siyosiy texnologiyalar markazi vitse-prezidenti Rostislav Turovskiy. — Bular Rossiyaning oddiy hududlari ekanini ko‘rsatuvchi iloji boricha ko‘proq dalillarni yaratish Kreml uchun muhimdir va shu nuqtai nazardan mahalliy hukumatni shakllantirish ahamiyatli voqeadir”.
O‘z-o‘zini respublika deb e’lon qilgan DXR va LXR, shuningdek, Ukrainaning Xerson va Zaporojye viloyatlarining bosib olingan hududlari oktabr boshida qo‘shib olingan edi. Ko‘p o‘tmay, bu hududlarda harbiy holat e’lon qilindi. Hozir “yangi hududlar”ni Rossiya tomonidan istilodan keyin tayinlangan mansabdorlar hamda DXR va LXRning vazifalarni vaqtinchalik bajaruvchi maqomidagi hukumatlari boshqaradi.
Izoh (0)