Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

4-dekabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Permda bolalar ustiga qulab tushgan basseyn tomi, Moskvada uchuvchilar aybi bilan halokatga uchragan samolyot hamda Finlyandiyaga qarshi urushda tinchlik bitimini imzolamagan sovetlarga oid faktlar o‘rin olgan.

Bolalar ustiga qulagan basseyn tomi

2005-yil 4-dekabr kuni Perm o‘lkasidagi “Transvaal” parkida sodir bo‘lgan fojia oqibatida 10 nafar bola va to‘rt nafar katta yoshli inson halok bo‘lgan, shuningdek, yana 18 kishi jarohat olgandi.

Foto: “KP.ru”

Bu odatdagi yakshanba kuni edi. Qish, muzlama. Dzyudo seksiyasi o‘quvchilari murabbiy Nikolay Pechenkin bilan birga basseynga mashg‘ulot uchun yo‘l olgan. “Oldinlari bolalarni kichik basseynga olib borardim. Bu safar birinchi marta kichik guruhni katta basseynda mashq qildirishga qaror qildim. O‘shanda bolalar 10 yoshda edi, faqat Dima Rizov — 14 yoshda bo‘lgan”, — deya eslaydi Nikolay.

Mashg‘ulotga faqat besh kishi kelgan. Bir necha qiz kech qolgan va ular basseynga kiritilmagan. 3-sinf o‘quvchisi bo‘lgan Kristina so‘nggi daqiqalarda ulgurib qolgan, u “omadim keldi”, deb o‘ylagan bo‘lsa ajab emas. Biroq endilikda buni qizchadan so‘rashning imkoni yo‘q…

Bolalar dastlab sho‘ng‘ishni o‘rgangan. Keyin murabbiy ikki nafar bola — Dima Rizov va Vanya Kuzminni erkin usulda suzishga yuborgan. O‘zi esa yo‘lakda Lyosha Neustroyev, Kristina va Dima Koryakinlar bilan qolgan.

Shu payt chinqiriq eshitildi. Tepaga qarasam, osma shift qulayapti. Sekin-asta, xuddi sekinlashtirilgan surat olish jarayonlaridek. Ortga o‘girilib, bolalarni to‘sdim va shift bo‘lagi ularga tegmasligi uchun suv ostiga sho‘ng‘idik. Birdan qorong‘ulik, hech narsa ko‘rinmay qoldi. Nafas olish imkonsiz. Qo‘limni yuqoriga ko‘tarsam, havo yo‘q — boshimiz uzra beton turardi”, — deydi murabbiy.

Qulagan plita Nikolay Pechenkinning boshiga biroz tekkan, qo‘li esa chiqib ketgandi.

Lyosha suzishni davom ettirishi uchun uni oldinga itardim, Kristinaga esa yordam bera olmadim, qo‘lim o‘zimga bo‘ysunmasdi. Boshida u ortimdan suzdi, keyin uni eshitmay qoldim…”, — deya eslaydi Nikolay.

Qizchaning jasadini keyinroq qutqaruvchilar topgan. Murabbiy oldinda kichik yorug‘likni — qulagan doskalar orasidagi yorug‘likni ko‘rgan. Shu orqali u tashqariga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Foto: “KP.ru”

Basseyn havzasi ulkan chiqindi idishga aylangan. Uning ichi beton plitalar, armatura bo‘laklariga to‘la edi. Tepadan qor tushishni davom etgan. Yon tomonda esa Dima Koryakinning jasadi yotardi — basseynga qulagan plitalar to‘lqini uni yuzaga chiqarib tashlagan va u boshqa bir plita ostida qolgandi.

Shu kunning o‘zida vayron bo‘lgan “Delfin” basseynida tergov ishlari boshlangan. Tergovchilar baxtsiz hodisa tomning asosiy konstruksiyasi korroziyaga uchragani sabab yuzaga kelganini aniqlagan. Ventilyatsiya ishlamagan va xlor bug‘lari metallni “yeb yuborgan”. Bundan tashqari, bino tomidan suv o‘tgan, nam bosgan isitgichlar og‘irlashgan va basseyn o‘rtasidagi ferma ortiqcha yuklamani ko‘tara olmay qolgan.

14 kishining o‘limi uchun kimdir javob berishi kerak edi. “Uralpromekspert” kompaniyasi mutaxassislari — Anna Akulova, Kelsiy Sannikov va Aleksey Shvetsov aybdorga aylangan. Fojiadan 1,5 yil oldin “Delfin”ga egalik qiluvchi Chusov metallurgiya zavodi ularga basseyning texnik holati ekspertizasini buyurtma qilgan.

“Delfin” bo‘yicha tekshiruvni Anna Akulova o‘tkazgan. U basseynning asosiy konstruksiyasini ko‘rgan va o‘z rahbarlari — muhandis Aleksey Shvetsov va bosh mutaxassis Kelsiy Sannikovga xulosa bergan. Xulosada aynan nima deyilgani noma’lum — kompyuter ekspertizasining aniqlashicha, hujjatlarga o‘zgartirish kiritilgan.

“ ‘UralProkEkspert’ MCHJ mutaxassislari basseynning asosiy konstruksiyasi holati bo‘yicha soxta ma’lumotli hisobot taqdim etgan. Mulk egasi binoda kerakli ta’mirlash ishlarini amalga oshirmagani natijasida basseyn tomi qulab tushgan”, — deyiladi ayblov xulosasida.

Sannikov keksaygani (74 yosh) sabab amnistiyaga tushgan, Akulova esa sudni kutmasdan mamlakatni tark etgan. Faqat Shevtsov sud qilingan. Chusov metallurgiya zavodidan javobgar sifatida hech kim jalb etilmagan. Bundan yaqinlarini yo‘qotgan chusovliklar g‘azabga minib, sud binosi qarshisida miting o‘tkazgan. Biroq bu hech qanday natija bermagan…

Aleksey Shevtsov

Aleksey Shevtsov
Foto: “KP.ru”

Natijada Aleksey Shevtsov 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgan va uning 3 yil davomida qurilish ishlari bilan shug‘ullanishi taqiqlangan.

Avval boshida ayblovchi tomonning asosiy guvohi Anna Akulova bo‘lgan. U o‘z rahbariyatini qulash xavfidan ogohlantirgani, ammo ular hisobotni o‘zgartirgani haqida gapirgan. Biroq tergov Akulovani ham aybdor deb topgan — u hisobotning o‘z variantini o‘tkazishga turib olmagan.

Foto: “KP.ru”

Ayol prokuraturaga chaqirilganida u qochib ketgani aniqlangan. Anna Akulovaga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilingan. U bir necha yildan keyin Makedoniyada qo‘lga olinib, Rossiyaga ekstradisiya qilingan. Biroq Anna Moskvaga homiladorlikning oltinchi oyida yetib kelgan. Bu vaqtga kelib homilador va yosh bolali ayollarga amnistiya berish to‘g‘risida qonun qabul qilingandi. Shu bois qochoq afv etilgan.

Ekipaj a’zosi xatoligi sabab halokatga uchragan samolyot

2010-yilning 4-dekabr kuni Moskva—Maxachqal’a yo‘nalishi bo‘yicha uchgan South East Airlines aviakompaniyasining “Tu-154M” samolyoti ekipaj xatoligi tufayli ikki dvigatelning ishdan chiqishi oqibatida “Domodedovo”ga favqulodda qo‘nish amalga oshirgan. Biroq samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketishi natijasida bortda bo‘lgan 171 kishidan 2 nafari halok bo‘lgan, yana 83 yo‘lovchi jarohat olgan.

Foto: Wikipedia

“Tu-154M” samolyoti 1992-yil 8-sentabr kuni “Aviakor” Samara aviatsiya zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan. Uchta turboreaktiv dvigatel bilan jihozlangan.

Fojia ro‘y bergan kuni soat 14:14 dan 14:17 gacha bort muhandis aviayonilg‘ini “perekachka” qilgan. Jarayon davomida soat 14:15 da 5,8 ming metr balandlikda avialaynerning 1 va 3-dvigatellarga uzatish tizimida beqarorlik yuzaga kelgan. Soat 14:20 da ekipaj dvigatellarning ishlash rejimini kamaytirishga va 9,1 ming metr balandlikda qolishga qaror qilgan. Orada ikki daqiqa o‘tib, ekipaj 1 va 3-divagatellar ishdan chiqqani sabab “Vnukovo” aeroportida qaytishlarini dispetcherga bildirgan.

Dispetcherning taklifiga ko‘ra, samolyot yaqinroq aeroport — “Domodedovo”ga yo‘naltirilgan. Pastlash vaqtida shturman o‘zboshimchalik bilan uchinchi dvigatel ham ishdan chiqqanini aytgan, bu esa aviadispetcherlarda barcha dvigatellar ishdan chiqqani to‘g‘risidagi tasavvurni yuzaga keltirgan.

Foto: Wikipedia

Soat 14:23 da shturman yo‘nalish tizimlari va generatorlar ishlamayotgani to‘g‘risida bildirgi beradi. Biroq mavjud ma’lumotlar tekshirilganida, bu vaqtda samolyotning yo‘nalish tizimi yaxshi ishlagani, generatorlar esa 2 daqiqa 23 soniyagina ishlamaganini ko‘rsatgan. Soat 14:28 da havo kemasi 3 ming metrgacha pastlagan, yomon ob-havo sharoitida ko‘p o‘tmay uchish-qo‘nish yo‘lagiga qo‘na boshlagan. Biroq samolyot undan chiqib ketib, chap tomondagi notekis relyef bilan to‘qnashgan — shassining barcha uchta ustuni ajralib ketgan, fyuzelyaj esa ikkiga bo‘lingan. Havo kemasining tumshuq qismiga jiddiy zarar yetgan, dum ustunlari ham ajralib tushgan. Layner birinchi qo‘nish joyidan 1175 metr uzoqlikda to‘xtagan.

Fojia oqibatida salonning old qismida o‘tirgan ikki yo‘lovchi halok bo‘lgan — Dog‘iston prezidentining ukasi Gajimurad Magomedov va Rossiya Konstitutsiyaviy sudi sudyasining onasi Gadisa Gajiyeva. Avvaliga ayol 79 yosh bo‘lgani uchun yurak xurujidan o‘lgani aytilgan, biroq tekshiruvlarda uning ko‘krak qafasiga kuchli bosim tushgani aniqlangan. Shuningdek, samolyot bortida 55 yoshli ayol tobutda olib ketilayotgan bo‘lgan, ko‘pchilik uni uchinchi qurbon deb o‘ylagan.

Bundan tashqari, umumiy hisobda 83 kishi jarohat olgan:

  • 6 yo‘lovchi va 2 nafar ekipaj a’zosi — sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati;
  • 13 yo‘lovchi — o‘rtacha og‘irlikdagi jarohat;
  • 34 yo‘lovchi va 2 nafar ekipaj a’zosi — yengil tan jarohati;
  • 26 yo‘lovchi — sog‘liqqa hech qanday zarar yetkazmagan jarohat;
  • 82 yo‘lovchi va 4 nafar ekipaj a’zosiga jarohat yetmagan.
Yo‘lovchilarning evakuatsiya jarayoni 58 daqiqa davom etgan. Rossiya prokuraturasi holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Halokatning dastlabki versiyasi sifatida ekipaj xatoligi, samolyotning texnik nosozligi va aviayonilg‘ining sifatsizligi ilgari surilgan.

Foto: Wikipedia

2013-yil 4-oktabr kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi harakat xavfsizligini va havo transportidan foydalanish qoidalarini buzish bo‘yicha ayblov e’lon qilgan. 2015-yil 22-yanvar kuni Domodedovo shahar sudi tomonidan reys komandiri Zakorja Zakorjayev shartli ravishda uch yilga ozodlikdan mahrum etilgan va mamlakat konstitutsiyasining 20 yilligi munosabati bilan afv etilgan. Shuningdek, undan jabrlanuvchilardan birining da’vosiga ko‘ra 300 ming rubl undirilgan.

Foto: Waralbum
1939-yil 4-dekabr kuni sovet hukumati Finlyandiyaning tinchlik muzokaralarini boshlash to‘g‘risidagi taklifini rad etgandi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay, 1940-yil 12-mart kuni tinchlik bitimi imzolanishi natijasida sovet—fin urushi yakuniga yetgan.

1939-yil kuzida SSSR va Finlyandiya o‘rtasida hududiy yon bosishlar to‘g‘risida muzokaralar o‘tkazilgan. Sovet Ittifoqi temir va avtomobil yo‘llari rivojlangan Karelning bir qismiga, Fin ko‘rfazidagi orol va “Xanko” yarimorolining “ijarasi”ga da’vogarlik qilgan. Buning o‘rniga Finlyandiya maydon jihatidan katta, biroq iqtisodiy va strategik munosabatlarda Kareliyachalik ahamiyatli bo‘lgan joylarni olishi kerak edi: faqat o‘rmon va botqoqliklar.

Sovet tomoni bunga sabab qilib chegarani Leningraddan uzoqroqqa ko‘chirish zarurligini ko‘rsatgan. Biroq sxema mazmun jihatida Boltiq davlatlari bilan o‘zaro yordam bitimi kabi bo‘lib, oxir-oqibat u ushbu davlatlarning bosib olinishi bilan yakunlangandi. Ammo finlar SSSR bosimiga yon bosmagan. O‘shanda Teriokada (hozirgi Zelenogorsk) Finlyandiya “xalq hukumati” tashkil etilgan bo‘lib, unga Sovet Rossiyasidan 1918-yilga qochgan kommunist Otto Kuusinen rahbar etib tayinlangan. Dunyoda hech kim tan olmagan ushbu “xalq hokimiyati” esa Qizil armiyadan “yordam” so‘ragan.

Foto: Waralbum

1939-yil 30-noyabr kuni sovet qo‘shinlari Finlyandiyaga bostirib kirgan. O‘sha vaqtda Molotov bu finlar “Maynila” qishlog‘ida joylashgan Qizil armiyasi harbiy qismini o‘qqa tutganini bahona sifatida keltirgandi. Finlar esa hujum o‘z davlatlari hududidan amalga oshirilishi mumkin emasligini isbotlab bergan, va “Maynila mojarosini” Moskva provakatsiyasi deb atagan.

Qizil armiyaning jangovar harakatlarda ishtirok etgan qo‘shinlari soni finlardan 1,5 barobarga ko‘p edi: finlarning 250 ming askar va ofitseri bo‘lsa, bosqinchi davlat qo‘shini — 425 ming kishini tashkil etgan. Shuningdek, Qizil armiya diviziyalarining qurol-yaroqlari ham finlarnikidan besh barobar, samolyotlari — 9 barobar ko‘p bo‘lgan.

Finlyandiya qurollanishida faqatgina 32 ta tank va ikkita zirhli mashina bor edi. Yana 30 ga yaqin tank Birinchi jahon urushidan qolgan bo‘lib, ular siljimaydigan jangovar nuqtalarga joylashtirilgan. Rossiya davlat harbiy arxivi ma’lumotlarga ko‘ra, qizil armiya ixtiyorida 2289 ta tank bo‘lgan. Ya’ni “qishgi urush” avvalida Qizil armiya katta ustunlikka ega bo‘lgan. Shu sababli Moskva finlarni bir necha kun ichida tor-mor keltirishga ishongan.

Ammo Qizil armiya qattiq va mohir qarshilikka duch kelgan. “Mannergeym chizig‘i”ni kesib o‘tishga erishmagan. Sovet kontingenti 760 ming kishiga qadar oshirilganidan keyingina ruslar muvaffaqiyatga erisha boshlagan.

Sovet tarixida urushning birinchi bosqichi kuchli muzlama va qor tufayli omadsizlikka uchragani keltiriladi. Ammo meteorologik ma’lumotlar buni rad etadi. 1939-yil dekabrda Karelyada harorat +1 dan -23,4 daraja oralig‘ida o‘ynab turgan. Kuchli qor ham 1940-yil yanvarda yog‘gan. Bundan tashqari, muzlama nafaqat hujum qilayotganlarga, balki himoyalanayotganlarga ham xalaqit beradi.

Foto: Waralbum

Aslida “qishki urush” uch oydan ortiq davom etgan va Qizil armiyaning katta yo‘qotishlariga sabab bo‘lgan, chunki o‘z yerlarini bosqinchilardan himoya qilayotgan finlarning jangovar ruhiyati juda baland bo‘lgan, buning ustida o‘z hududingda urush olib borish ko‘nikmalari dushmannikidan sezilarli darajada yuqoridir. Stalin butun fin xalqi o‘z vatanini himoya qilishga chiqqani kutilmagan holat edi. Bu yerdagilar 1937-1938-yillarda SSSRda ro‘y bergan repressiyalardan yaxshi xabardor edi, o‘shanda minglab finlar otib tashlangan, fin tilidagi gazetalar va fin tilini o‘rgatuvchi maktablar yopilgandi.

Bundan tashqari, fin qo‘shinlarining jangovar imkoniyatlariga past baho berilgani, ularning oliy bosh qo‘mondoni marshal Karl Gustav Emil Mannergeymdan farqli o‘laroq, sovet qo‘mondonligi Stalinga yoqish uchun ko‘plab xatoliklarga yo‘l qo‘ygan. Fin himoyasi va mahalliy hududning noqulayligi sovet harbiylari texnikalarini loyga botirgan. Finlar tanklarga qarshi qurollari kamligi bois o‘sha vaqtlarda o‘z nomiga ega bo‘lgan “Molotov kokteyli” yordamida sovet tanklarini ishdan chiqara boshlagan.

Foto: Waralbum

Oxir-oqibat baribir finlar Sovet Ittifoqi bilan tinchlik bitimini tuzishga majbur bo‘ladi: kichkina Finlyandiya uchun kuchli derjavaga qarshi turish oson emasdi. 1940-yil 12-mart kuni Moskvada imzolangan bitimga ko‘ra, Finlyandiya hududiy yon bosishlarni amalga oshirishga majbur bo‘ladi — bu Sovet Ittifoqi 1939-yilda talab qilgan yerlardan sezilarli darajada ko‘p edi (umumiy hisobda Finlyandiya hududining 11 foizi). Karelya bo‘yni, Ladoga ko‘li qirg‘oqlari, Fin ko‘rfazidagi qator orollar, sovet harbiy-dengiz bazasini yaratish rejalashtirilgan Xanko oroli 30 yilga SSSRga o‘tgan. 430 ming fin boshpanasiz qolgan. Shunga qaramay, Finlyandiya o‘z mustaqilligini saqlab qolgan.

“Qishki urush”ning 105-kuni davomida sovet tomoni 127 ming askaridan ayrilgan, yana 246 ming harbiy turli darajadagi jarohatlarni olgan. Finlar tomonidan esa 26 ming kishi halok bo‘lgan, 43,5 ming askar jarohat olgan.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Sport
Tata Steel Chess 2023. Nodirbek Abdusattorov amerikalik raqibi bilan durang o‘ynadi va hamon musobaqa peshqadami bo‘lib turibdi. Javohir Sindorovda ham durang
Mahalliy
Surxondaryodan topilgan ayiq bolasi zooparkka topshirildi
Mahalliy
O‘zbek tili darsligida musiqa asboblari nomi xato yozilgani aytildi (video)