Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

3-dekabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan “hind Chernobili”ga aylangan Bxopaldagi texnogen halokat, Eron oliy rahbariga aylangan Oyatulloh Homanaiy hamda Sovuq urushning rasman yakunlanishiga oid faktlar o‘rin olgan.

Tarixdagi eng yirik halokat: “hind Chernobili” siri

1984-yil 3-dekabr kuni Hindistonning Bxopal shahridagi o‘g‘it ishlab chiqarish zavodida tarixdagi eng yirik texnogen halokat yuz bergandi. Atmosferaga 42 tonnaga yaqin zaharli bug‘ning chiqib ketishi oqibatida birinchi sutkadayoq 4 ming kishi halok bo‘lgan. Keyingi yillar davomida kimyoviy moddalarning organizmga tushishi oqibatida 15-18 ming odam vafot etgan. Hodisa oqibatida 600 ming kishi jabrlangan. Zavodning amerikalik egalari umumiy hisobda 470 million dollarlik kompensatsiya to‘lagan.

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

Fojia nima sababdan yuz bergani hozirga qadar noma’lum. Shundan buyon Bxopal shahri “hind Chernobili” deb ataladi. Halokatdan 20 yil o‘tgan bo‘lsa-da, minglab odamlar zaharlangan suv va tuproq sabab vafot etavergan.

Bu zavoddagi birinchi avariya emas edi. 1981-yildan 1984-yil dekabrga qadar korxonada kimyoviy mojarolar bilan bog‘liq beshta hodisa ro‘y bergan. Zavod kasaba uyushmasi bir necha bor Madxya-Pradesh shtati rahbariyatiga xavfsizlik tizimi yomon ahvoldaligi to‘g‘risida shikoyat kiritgan. Amaldorlar o‘zaro manfaatli hamkorlikka xalaqit bermaslikka qaror qilgan.

Hozirda Bxopalda 2 millionga yaqin inson istiqomat qilayotgan bo‘lsa, 1961-yilgacha aholi soni 102 ming kishidan oshmagan. Aholining bu qadar jadal o‘sishi viloyatga Amerika biznesining kelishi hamda yangi ish o‘rinlarining yaratilishi bilan bog‘liq. 1970-yillarda Hindiston hukumati mamlakatga xorijdan investitsiya jalb etish haqida o‘ylay boshlaganida, mazkur mahalliy hudud amerikaliklarning e’tiborini tortgan. Union Carbide kompaniyasi Bxopalda qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun pestitsidlar ishlab chiqaruvchi zavod qurishga ruxsat olgan. Zavod pestitsidlarni yaratish uchun kimyoviy moddalarning bir qismini boshqa korporatsiyalardan import qilishi ko‘zda tutilgandi. Biroq mahalliy bozorda raqobatning keskinlashuvi sabab Bxopal zavodida kerakli kimyoviy moddalarni mustaqil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan — bu dastlabki loyihalash jarayonlarida ko‘zda tutilmagan edi.

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

1984-yilga kelib Bxopalda 900 mingga yaqin odam istiqomat qilgan. Union Carbide’ning Hindistondagi filiali 9 ming ishchini o‘zida jamlagan 14 ta korxonadan iborat edi va korporatsiyaning global biznes strategiyasida muhim ahamiyat kasb etgan. 1980-yillar birinchi yarmida zavod o‘z mahsulotlariga bo‘lgan talabning keskin kamayib ketgani tufayli og‘ir damlarni boshidan o‘tkazgan. Zavod egalari foyda keltirmayotgan korxonalarni sotishni xohlagan, ammo xaridor topilmagan. Ishchilar eski uskunalarda faoliyat ko‘rsatishni davom etgan. Xavfsizlik normalari iqtisodiy sabablar bilan ataydan pasaytirilgan.

Bxopaldagi zavod “Sevin” nomli karbaril pestitsidlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan. Buning uchun korxonada avvaliga fosgen ishlab chiqarilgan, u keyinroq monometilamin bilan aralashtirilib, metilizotsianat hosil qilingan. So‘nggi bosqichda metilizotsianatning naftol bilan birikmasidan pestitsid olingan. Union Carbide’ning G‘arbiy Virjiniyadagi korxonasida ham pestitsidlar xuddi shu usulda olingan. Bxopalda qayta ishlangan etilizotsianat zavoddagi yerga ko‘milgan, har birining hajmi 60 ming litr bo‘lgan idishlarda saqlangan. Kimyoviy moddalarni undan olish rezervuarga bosimni oshirish orqali amalga oshirilgan.

Halokat zavod rezervuarlarida harorat oshib ketishi oqibatida metilizotsianat bug‘larining avariyaviy tarqalishi oqibatida yuzaga kelgan. 3-dekabr kuni soat 02:00 da atmosferaga 42 tonnaga yaqin zaharli gaz chiqib ketgan.

Metilizotsianat bulutlari atrofdagi xarobalar va zavoddan 2 kilometr uzoqlikdagi temiryo‘l vokzali osmonini qoplagan. Zaharli bulut sekin, soatiga 5 kilometr tezlikda janubi-sharqiy yo‘nalishda harakatlangan. Havo sovuq bo‘lgani bois zaharli bulut konsentratsiyalashib yerga yaqinlashgan, uning balandligi besh metrdan oshmagan. Odamlarning ko‘zlari qattiq achiy boshlagan, o‘pkalari suyuqlikka to‘lgan. Ko‘pchilik uyqusida halok bo‘lgan.

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

Minglab odamlar oddiy himoya vositalaridan foydalanish kerakligini bilmagan holda ko‘chalarda yurgan. Tongga yaqin gaz o‘tirgan, zaharli bulut domida qolgan ko‘pchilik halok bo‘lgan yoki zaharlangan. Xususan, avtobus stansiyasi va termiyo‘l vokzalidagi deyarli barcha navbatchilar va yo‘lovchilar halok bo‘lgan.

Ismi e’lon qilinmagan amerikalik jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, oradan 30 soat o‘tgandan keyin ham zavod hududida o‘liklar yotgan. Ularni to‘plab, yuk mashinalariga ortishgan. Shahardagi barcha do‘konlar yopilgan va har bir ko‘chada yo‘talgan yoki qayd qilayotgan odamlar yotgan.

Murdalar ustida o‘laksaxo‘rlar aylanardi. Chetga uchib ketishi bilan ularning o‘rnini itlar egallab, odamlar jasadlarini g‘ajiy boshlagan. Murdalarni yirtqichlardan himoya qilish bilan qurollangan askarlar shug‘ullangan. Qo‘llariga uzun tayoqlarni ushlagan mahalliy aholi ham ularga yordam bergan”, — deb yozadi muxbir.

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

Bxopalda bir sutka ichida 4 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, jami 400 ming kishi jabrlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Union Carbide kompaniyasi da’vogarlarga 470 millionga yaqin kompensatsiya to‘lab bergan. Tadqiqotlar davomida halokat inson omili sabab yuzaga kelgani aniqlangan. Birinchidan, zavod aholi ko‘p yashaydigan shahar yaqinida qurilgan. Ikkinchidan, saqlashga ruxsat etilgan kimoyiv moddalar hajmi sutkalik iste’moldan ortiq bo‘lgan. Uchinchidan, zavod ma’muriyati tomonidan texnika xavfsizligi talablariga rioya etilmagan. To‘rtinchidan, xavf haqida signal beruvchi maxsus uskunalar o‘chirilgan yoki umuman ishlamagan.

Eron oliy rahbariga aylangan Homanaiy

1979-yil 3-dekabr kuni Oyatulloh Ruhulloh Homanaiy birinchi Eron oliy rahbariga aylangan edi. U hokimiyat tepasida o‘tirgan 10 yil umri davomida Iroq bilan urushni yakunlagan, SSSR bilan yaqinlashgan va yozuvchi Salmon Rushdini o‘ldirishga chaqirgani bilan yodda qolgan.

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

1989-yil 3-iyun kuni butun dunyoga Oyatulloh Homanaiy sifatida tanilgan Islom inqilobiy yo‘lboshchisi, Eron oliy rahbari Tehron yaqinidagi qarorgohida vafot etgan. U o‘limidan to‘qqiz yil oldin infarktga uchragan, biroq ishdan chetlashmagan, sog‘lig‘ini qayta tiklab, siyosiy karyerasini davom ettirgandi.

Homanaiy butun dunyo uchun davlatni rivojlantirishda konservatik usuldan foydalanish ramziga aylangan. Uning chaqiriqlari va harakatlari G‘arb va Sharqning aksariyat davlatlari uchun bahsli edi, biroq Oyatullohni hech bo‘lmaganda o‘z g‘oyalariga sodiqligi uchun ham hurmat qilishardi. Ko‘plab eronliklar inqilobdan keyin 1990-yillarda yaxshiroq yashash uchun xorijga chiqib ketgan. Ayrimlar podshoh Rizo Paxlaviy davrida “yaxshiroq yashashgani” haqida gapirgan. Aslida Eronda yashayotgan inson buni aytishga jur’at eta olmasdi.

Erondagi inqilob sabab mamlakatga qaytib kelguniga qadar Homanaiy uzoq yillar Parijda quvg‘inda yashagan. Yevropa siyosiy emigrantni podshoh rejimining muxolifi sifatida qabul qilgan. Homanaiy zohid emasdi. Uning uyiga muntazam ravishda hukumatdan norozi aholi yog‘irilib kelgan. Oyatulloh o‘z inilarini “Tez orada bizning davrimiz keladi”, deya tinchlantirgan.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Keng tarqalgan tasavvurlardan farqli o‘laroq, uning o‘zi Paxlaviyning ag‘darilishida shaxsan ishtirok etmagan. Podshoh Erondan Homanaiy qayta ta’qibni boshlashidan ancha oldin qochib ketgandi. O‘z vataniga Oyatulloh omadli chiptani yutib olgan baxtli emas, balki juda xotirjam inson sifatida kelgan.

Homanaiy rostdan ham xorijliklar, hatto buyuk derjavalarga nisbatan ham tolerantligi bilan ajralib turmagan. U asosan AQSH, Buyuk Britaniya va SSSRni yomon ko‘rgan — buni yashirmagan ham.

Amerika Angliyadan yomonroq, Angliya Sovet Ittifoqidan yomon, sovetlar esa ikkisidan ham yomon! Biroq hozirda Amerika butun jirkanchlikni o‘zida mujassam etgan. AQSH prezidenti shuni bilib olsinki, bizning xalqimiz uni ko‘proq yomon ko‘radi. Barcha ofatlarimiz Amerika va Isroildan kelmoqda. islom xalqlari xorijliklarni yomon ko‘radi, ayniqsa, amerikaliklar va ruslarni. Shu Amerika Isroil va uning tarafdorlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu Amerika Isroil arablarini boshpanasiz qoldirishi uchun ularni qurollantiradi”, — degandi Oyatulloh.

Homanaiy hokimiyat tepasida bo‘lgan butun davr mobaynida — 1980-yildan 1988-yilgacha Eron Iroq bilan qonli urush olib borgan. Homanaiy davrida Amerikaning Tehrondagi elchixonasi xodimlari asirga olinganiga va oqibatda diplomatik munosabatlar buzilganiga qaramay, AQSH Yaqin Sharq mojarosida eronliklarni qo‘llab-quvvatlagan. Chunki Amerika ortida Sovet Ittifoqi turgan Saddam Husaynni Oyatullohdan ko‘ra xavfli deb hisoblagan. Urush vaqtida Homanaiy askarlarini shahid ketishga chaqirgan.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

SSSR bilan dushmanlik munosabatiga qaramay, ushbu mamlakat vakili, ya’ni tashqi ishlar vaziri Eduard Shevardnadze Homanaiy Eron oliy rahbari sifatida uchrashgan ikki xorijlik siyosatchidan biri bo‘lgan. Ikkinchisi — Falastin yetakchisi Yosir Arofat edi.

Oyatulloh Leonid Brejnevning hokimiyat tepasiga kelgani bo‘yicha yo‘llagan telegrammasini e’tiborsiz qoldirgan, biroq “progressiv” Mixail Gorbachyov bilan aloqa o‘rnatishga qaror qilgan. 1989-yil 1-yanvar kuni Homanaiy SSSR Oliy kengashi prezidiumi raisiga shaxsan maktub yo‘llab, uni kommunizm g‘oyasidan voz kechishga, o‘zidan oldingilar siyosatini qayta ko‘rib chiqishga va din yo‘nalishini tanlashga chaqirgan.

Gorbachyov bunga qanday javob qaytarishni bilmay qolgan. Biroz o‘ylanishlardan keyin diniy jihatlarga teginmasdan an’anaviy usulda javob yozilgan. Maktubni Eronga yetkazish uchun Shevardnadze boshchiligidagi delegatsiya yuborilgan.

25-fevral kuni Homanaiy og‘ir ahvolda yotgan bo‘lsa-da, Gorbachyov elchisini o‘z uyida qabul qilgan. Aftidan, Oyatulloh o‘z siyosati yo‘nalishini juda muhim deb hisoblagan va shu sababli shifokorlar maslahatiga ham rioya qilmagan. Hashamatga o‘rgangan sovet rahbari kuchli shok holatiga tushgan bo‘lib, qanday qilib katta davlatning rahbari oddiy xonada yashashi mumkinligini tushuna olmagan. Xonaning butun interyeri ibodat uchun joynamoz, ko‘rpa-to‘shak, kitoblar va Qur’ondan iborat edi.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Shevardnadzening so‘zlariga ko‘ra, uning Tehronga tashrifi o‘sha vaqtda G‘arb, xususan, AQSH Eronga kuchli siyosiy bosim o‘tkazgan va o‘n yil davomida mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy aloqalar minimal darajaga tushib qolgandi.

Homanaiy ahvoli og‘irligi sabab hech kimni qabul qilmasdi. Men uchun istisno qilingan, chunki men buyuk derjavaning tashqi ishlar vaziri edim. Balki boshqa sabab ham bo‘lgandir. Bu hatto Eronning Gruziya bilan bo‘lgan uzoq o‘tmishdagi tarixiy sababi bilan bog‘liq emasmikan, degan xayol ham o‘tdi. Qor yog‘ardi. Homanaiy tepalikda yashardi. Xuddi masjidga kirilgani kabi oyoq kiyimni yechish kerak edi. Paypoqda yurish menga biroz noqulay edi. Tasavvur qiling, diplomatik etiket bo‘yicha kiyingan inson oyoq kiyimsiz bo‘lsa…

Avval boshidan men islom inqilobidan bugungi kungacha imom uchrashgan birinchi xorijlik ekanimni aytishgandi. Ajratilgan vaqt kamligi sabab uchrashuvni 15-20 daqiqada tugatishim kerak edi, — deya eslaydi Shevardnadze.

Homanaiy SSSR TIV rahbarini 15 daqiqa tinglagan, keyin esa uzoq o‘ylanib, so‘z qotgan: “Hafsalam pir bo‘ldi. Gorbachyov — fikrlaydigan inson deb eshitgandim. Men unga tasodifan maktub yozmadim. Maktubda insoniyatning bu dunyo va oxiratdagi o‘rni haqida so‘z borgandi. Bu dunyo muammolari haqida o‘ylamaganman. Men oxirat haqida yozganman va bu savolga javob olmadim. Munosabatlarni yaxshilashga keladigan bo‘lsa, men buni qo‘llab-quvvatlayman”.

Sovuq urush qanday tugagan edi?

1989-yil 3-dekabr kuni AQSH prezidenti Jorj Bush va SSSR rahbari Mixail Gorbachyov o‘z mamlakatlari endilikda raqib emasligini ma’lum qilgan. Ushbu kun tarixga Sovuq urushning rasmiy yakunlanish sanasi sifatida kiritilgan.

Foto: “TASS”

Foto: “TASS”

Oradan uch yil o‘tgach, 1992-yil 1-fevral kuni Rossiya va AQSH prezidentlari Boris Yelsin va katta Jorj Bush Kemp-Devid deklaratsiyasini imzolagan bo‘lib, u bilan Sovuq urush davri yuridik jihatdan yakunlangan edi.

Kemp-Devid — AQSH prezidentlarining shahardan tashqaridagi qarorgohi. Undan bir necha kilometr narida bunker va mamlakatni favqulodda harbiy holatda boshqarish markazi “Raven Rok” joylashgan. Aynan Kemp-Devidda Franklin Ruzvelt 1943-yilning mayida Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill bilan uchrashgan, 1978-yilda bu yerda Isroil va Misr prezidentlari tinchlik bitimini imzolagan. Rossiya prezidenti Boris Yelsinning AQSHga birinchi tashrifi ham shu joyda uyushtirilgan edi.

“Borisning do‘sti uchun” kavboylar etigi

Jorj Bush davrida AQSH davlat kotibi bo‘lgan Jeyms Beyker “Inqilob, urush va tinchlik” nomli o‘z memuarlarida safar vaqtida “Boris Yelsinning asosiy maqsadi butun dunyoga o‘zini yangi Rossiyaning yetakchisi sifatida ko‘rsatish va tarixiy hujjatni imzolash” bo‘lgan, deb qayd etgan.

Rostdan ham o‘sha vaqtda Yelsin Rossiya prezidentligiga saylanganiga bir yildan oshgan bo‘lsa-da, dunyoda uni yaxshi tanishmas edi. Beyker ham 1991-yil dekabrida Moskvaga uyushtirgan tashriflarining katta qismida Yelsin bilan emas, balki “siyosiy vazn”ini yo‘qotayotgan Mixail Gorbachyov bilan uchrashgan.

Tashrif tashkilotchilari ham bu odatdagi ikki davlat rahbarlarining emas, balki yangi Rossiyaning demokratik yo‘l bilan saylangan yetakchisi ishtirokidagi uchrashuvi ekaniga urg‘u bergan. Deklaratsiya imzolangan 1-fevral Boris Yelsinning tug‘ilgan kuni edi — ushbu tarixiy kunda u 61 yoshga to‘lgandi. Shu sababli Amerika yetakchisi Rossiya prezidentiga “haqiqiy amerikacha tort” va “B.Y.” harflari tushirilgan an’anaviy kovboylar etigini sovg‘a qilgan.

Deklaratsiya matni rostdan ham tarixiy edi. Birinchi bandda quyidagicha yozilgan: “Rossiya va Qo‘shma Shtatlar bir-birini potensial raqib sifatida ko‘rmaydi. Bundan buyog‘iga ularning munosabati do‘stlik va sheriklikka asoslanadi…”.

Kreml deklaratsiyani qabul qilish orqali Jekson-Venik nomli o‘zgartirishini bekor qilish niyatida bo‘lgan, biroq bu amalga oshmagan. Mazkur o‘zgartirishga ko‘ra, AQSH o‘z fuqarolarining erkin kirib-chiqishiga to‘sqinlik qiluvchi davlatlar bilan savdoni cheklagan. SSSRda o‘zgartirish normalari Isroil bilan bog‘liq emigratsiya sabab ta’sir ko‘rsatgan, ammo 1992-yilda Rossiyada bunday cheklovlar mavjud emas edi. Shunga qaramay, Moskvaga nisbatan ushbu o‘zgartirish cheklovi 2012-yilga kelibgina olib tashlangan.

Yelsin Kemp-Deviddagi matbuot anjumanining o‘zida yadroviy kallakchalarni 2,5 ming donagacha qisqartirishni taklif qilgan bo‘lsa, Bush “masalani ekspertlar bilan yaxshilab o‘rganib chiqish”ga chaqirgan. O‘rganishlar uzoq davom etgan. Strategik hujum qurollanishlarini qisqartirish shartnomasi 1993-yilda imzolangan.

Foto: “TASS”

Foto: “TASS”

Rossiyada oddiy fuqarolarning iqtisodiy vaziyati va ahvoli tobora og‘irlashib borardi: narxlarni liberallashtirish bo‘yicha “shok terapiyasi”ning o‘tkazilishi katta qiyinchilik tug‘dirgan. 1992-yil yanvar oyining o‘zida inflyatsiya 346 foizni tashkil etgan. Bu sharoitda Rossiya delegatsiyasini iqtisodiy masalalar ko‘proq qiziqtirardi.

Yosh islohotchilar jamoasi jiddiy yordam olishni ko‘zlagan, ammo uchrashuv yakunlari bo‘yicha ularga erishmagan edi. 1992-yilda tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri lavozimida ishlagan Pyotr Avenning shunday degandi: “1992-yilda biz Xalqaro valyuta jamg‘armasidan 1 milliard dollar oldik. G‘arb hukumatlaridan esa hech narsa. 1990-yillar oxirida Meksikada inqiroz ro‘y bergan vaqtda mamlakat bir necha kun ichida AQSHdan 40 milliard dollar olgandi”. Beykerning aytishicha, Vashington “40 yil davomida kurashib kelingan Rossiyaga iqtisodiy yordam ko‘rsatishni asoslashi siyosiy jihatdan juda qiyin bo‘lgan”.

Deklaratsiya imzolanishidan to‘rt kun oldin Bush Kongressda chiqish qilib, “Xudo Qo‘shma Shtatlarga Sovuq urushda g‘alaba qozonishga yordam berganini” aytgan. Bunday holatda Bush Kongress va Amerika xalqiga Moskvaga yordam berish haqida gapira olmasdi.

Kommunizm ustidan g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, Bush qayta prezidentlikka saylanmagan. 1992-yilda u demokrat Bill Klintonga yutqazib qo‘ygan. Kemp-Devid deklaratsiyasi esa yaxshi niyatlarni ko‘zlagan matnligicha qolib ketgan.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Sport
Entoni Joshuaning navbatdagi raqibi va jangi sanasi ma’lum bo‘ldi
Iqtisodiyot
Uzbekistan Airways Nyu-Yorkka parvozlar uchun 20 foizlik chegirma e’lon qildi
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda 2023-yilda inflyatsiya 8,5—9,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda