Eron mamlakatda davom etayotgan norozilik namoyishlarini bostirishda Rossiyaga yordam so‘rab murojaat qildi. Bu haqda Iran International xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, mazkur yordam namoyishchilar bilan kurashish uchun asbob-uskunalar bilan ta’minlash va xavfsizlik xodimlarini o‘qitishni o‘z ichiga oladi. Bu ma’lumot Oq uyning Rossiya Tehronga noroziliklarni bostirishning eng yaxshi amaliyotlari bo‘yicha maslahat berishi mumkinligi haqidagi oktabrda e‘lon qilgan bayonotini tasdiqlamoqda.
“Tehron Moskvaga Ukrainaga qarshi urush olib borishda yordam berayotganiga oid dalillar ochiq va ommaga ma’lum. Eron va Rossiya yakkalanib qolgani sayin yaqinlashmoqda. Bizning Eronga murojaatimiz juda aniq: xalqingizni o‘ldirishni to‘xtating va ukrainaliklarni o‘ldirish uchun Rossiyaga qurol yuborishni bas qiling”, — deyilgandi Oq uy bayonotida.
Xakerlar tomonidan qo‘lga kiritilgan va Iran International’ga yetkazilgan maxfiy fayllar ham Tehron o‘zining ichki holatini baholash uchun Moskva berayotgan ma’lumotlarga tayanayotganini ko‘rsatadi. Hujjatda Rossiya Tehronga norozilik harakatining tabiati va kuchi haqida baho berish uchun G‘arbdagi aloqalariga tayanishi haqida ma’lumot bor.
Hafta boshida “Black Reward” xakerlik guruhi tomonidan qo‘lga kiritilgan audiofaylda Eron rasmiylarining eskirgan xavfsizlik kuchlari, ommaviy axborot vositalaridagi nosozliklar va ishchilarning ish tashlashlari haqidagi xavotirlari aniqlangan.
Eronda 17-sentabrdan beri davom etayotgan namoyishlarda 18 000 ga yaqin odam hibsga olindi. Hozirgacha olti kishi o‘limga hukm qilingani ma’lum. 469 nafar namoyishchi va 61 nafar xavfsizlik kuchlari a’zosi esa o‘ldirilgan.
Mavzuga doir:
Izoh (0)