Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Eron hukumati mamlakat bo‘ylab davom etayotgan keng ko‘lamli namoyishlar va tartibsizliklar fonida axloq politsiyasini tugatdi. Bu haqda Eron bosh prokurori Muhammad Jafar Montazeri ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Al-Arabiya.

Eronda hijob qonuni va hukumatga qarshi namoyishlar davom etmoqda

Eronda hijob qonuni va hukumatga qarshi namoyishlar davom etmoqda
Foto: AP Photo

“Axloq politsiyasining sud tizimiga hech qanday aloqasi yo‘q va u yopildi”, — dedi bosh prokuror.

Bundan tashqari Eron hukumati ayollarning hijob o‘rashini talab qiluvchi qonunni o‘zgartirish ustida ish boshlagan.

“Parlament ham, sud tizimi ham shu masala ustida ishlamoqda”, — dedi bosh prokuror va bu organlar qonunni aynan qanday o‘zgartirishiga aniqlik kiritmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 30-noyabr kuni ekspertlar guruhi parlamentning madaniyat masalalari bo‘yicha komissiyasi bilan uchrashgan, “bir-ikki hafta ichida natijani ko‘ramiz”.

Eronda 1979-yilgi islom inqilobidan keyin ayollar uchun hijob o‘rash majburiy bo‘ldi, biroq ko‘plab eronlik ayollar bu talabni e’tiborsiz qoldirgan. 2022-yil iyul oyida Eron rasmiylari ularning nazdida hijobni noto‘g‘ri o‘ragan ayollarga nisbatan hijob va iffat to‘g‘risidagi qat’iy qonunni qabul qildi. Ayollarga sochlarini, bo‘yin va yelkalarini yopib turuvchi ro‘mol o‘rash shart etib belgilandi, axloq politsiyasi esa yangi qoidani buzganlarni hibsga olishni boshladi.

Sentabr oyining oxirida Eronda 22 yoshli Mahsa Amini hijobni “noto‘g‘ri” o‘ragani uchun axloq politsiyasi tomonidan hibsga olinganidan keyin vafot etishi ortidan norozilik namoyishlari boshlandi. Ular butun mamlakat bo‘ylab haligacha davom etmoqda. Namoyishlar kuch tuzilmalari tomonidan shafqatsizlik bilan bostirilmoqda.

Eron rasmiylariga ko‘ra, namoyishlar chog‘ida 200 ga yaqin odam halok bo‘lgan. Huquq himoyachilarining aytishicha, 2-dekabr holatiga ko‘ra Eronda 469 namoyishchi o‘ldirilgan, ulardan 64 nafari voyaga yetmaganlar. 18 mingdan ortiq namoyishchi hibsga olingan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
“Chegara masalasining yakuniy hal etilishi Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi” —  Sadir Japarov 
Dunyo
“Bizga hayvonlardan yomonroq munosabatda bo‘lishadi” — Afg‘onistonlik qiz “Tolibon”ning cheklovlari haqida (video)