Yaqin orada Turkiya va Suriya munosabatlari normallashishi mumkin, dedi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on.
“Eng yaqin vaqtda Misrda boshlangani kabi, shunga o‘xshash jarayon Suriyada ham boshlanishi mumkin. Siyosatda xafagarchiliklar bo‘lmaydi”, — deb yozdi Erdo‘g‘on Twitter’da.
Iroq Kurdistoni hududida va Suriya shimolidagi Halab viloyatida 20-noyabrdan buyon Turkiya harbiy operatsiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Turkiya o‘zi terrorchilik tashkiloti deb hisoblaydigan Kurdiston ishchilar partiyasi pozitsiyalariga zarbalar bermoqda. Operatsiya Istanbulning Beyo‘g‘li tumanidagi Istiqlol ko‘chasida sodir bo‘lib, olti kishining o‘limiga olib kelgan teraktdan keyin bir hafta o‘tib boshlandi. Turkiya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, terakt Kurdiston ishchilar partiyasi tomonidan uyushtirilgan.
Anqara qayd etishicha, maxsus operatsiyaning maqsadi Turkiya fuqarolariga qarshi teraktlar oldini olish va chegaralar xavfsizligini ta’minlash. Mamlakat qurolli kuchlari “terrorchilar tomonidan hujumlar uchun baza sifatida foydalanilgan” hududlarga aviazarbalar bergan. 27-noyabr kuni Turkiya mudofaa vaziri Xulusi Akar operatsiya boshidan buyon 480 nafar jangari yo‘q qilinganini aytdi..
Suriya Turkiyaning o‘z hududidagi ishtirokini ko‘p bora qoralagan. Xususan, Suriya TIV Turkiyaning chegaradagi operatsiyalarini etnik tozalashlarga qiyoslagandi. 22-noyabr kuni Suriya parlamenti xalqaro qo‘mitasi raisi o‘rinbosari ikki mamlakatning harbiy to‘qnashuvi xavfidan ogohlantirgandi.
Oktabrda Turkiya prezidentining rasmiy vakili Ibrohim Kalin Rossiya Erdo‘g‘on va Suriya prezidenti Bashar Asad uchrashuvini tashkil qilish uchun o‘z vositachiligini taklif qilganini aytgandi. Keyinroq Hürriyet gazetasi manbalariga tayanib, ikki mamlakat yetakchilarining uchrashuvi Rossiyada Vladimir Putin vositachiligida bo‘lib o‘tishi mumkinligini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun: Turkiya va Misr prezidentlarining tarixdagi birinchi uchrashuvi Qatarda bfutbol bo‘yicha jahon chempionati ochilishida bo‘lib o‘tdi, ular qo‘l berib ko‘rishdi.
Turkiya va Misr munosabatlari Misr prezidenti Muhammad Mursiy 2013-yil iyulida hokimiyatdan ag‘darilib, undan keyin yuz bergan qonli to‘qnashuvlardan so‘ng yomonlashgan edi. Erdo‘g‘on misrlik harbiylarning ag‘darilgan davlat rahbari tarafdorlariga nisbatan xatti-harakatlarini keskin qoralagan. O‘sha yiliyoq Anqara va Qohira o‘z elchilarini maslahatlashuvlar bahonasida chaqirib olgan, shundan keyin bir-birlarining elchilarini persona non grata deb e’lon qilgan edi.
Izoh (0)