Toshkentdagi ko‘cha chiroqlari sarfini kamaytirish natijasida kunlik elektr energiyasi sarfi 25 foizga kamaydi. Bu haqda “Toshshaharnur”ga tayanib Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Toshkentda 16-noyabrdan boshlab ko‘cha yoritish tarmoqlarida qo‘shimcha energiya sarfini cheklash rejimi joriy etilgan edi.
Ta’kidlanishicha, bu kunlik elektr energiyasi sarfini 25 foizga kamaytirdi. Oktabr oyida o‘rtacha kunlik iste’moli 115,9 ming kVt-soat bo‘lsa, noyabr oyida bu ko‘rsatkich 87,8 ming kVt-soatni tashkil etdi.
Natijada kuniga 28,1 ming kVt-soat yoki oyiga 843 ming kVt-soat elektr energiyasi tejaldi. Taqqoslash uchun ushbu tejalgan elektr energiyasi O‘zbekistondagi 4 400 ta xonadonning o‘rtacha bir oylik iste’molini tashkil etadi.
Avvalroq Toshkent ko‘chalarini yoritishga 136,3 ming dona uskunadan foydalanilishi haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)