Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili hozirda klinikada davolanayotgani va unga 17 ta tibbiy tashxis qo‘yilgani haqida xabar berilgandi. Siyosatchining advokati Shalva Xachapuridze uning hozirga ahvoli haqida ma’lumot berdi. Bu haqda “RBK” xabar berdi.
Shifokorlar Saakashviliga demensiya (aqliy zaiflik) simptomlari, shuningdek, sil va boshqa kasalliklar tashxisini qo‘ygan.
“Tashxislar haqida gapirishga hali erta. Tahlil javoblarini kutmoqdamiz. Kasallik bo‘yicha shubhalar bor, bu borada ishlar davom etmoqda. Siyosatchi demensiya va sil kasaliga shubha qilingani, shuningdek, 34 ta boshqa xastalik aniqlanganini nazarda tutyapman”, — deydi Xachapuridze.
Saakashvilining advokati 14-noyabr kuni siyosatchini tekshirayotgan amerikalik shifokorlar uning sog‘lig‘i haqida hisobot berganini aytdi. Xachapuridze hozircha uning mazmunini oshkor eta olmasligini aytdi, ammo natijalarni 20-noyabrgacha ommaga e’lon qilishga va’da berdi.
Xorijlik ekspertlar Saakashvilini avgust oyidayoq tekshirishni boshlagan. U davolanayotgan Vivamedi klinikasiga amerikalik va shveysariyalik shifokorlar kelgan. Bundan tashqari, britaniyalik psixiatr 8-noyabr kuni Gruziyaga kelishi kerak bo‘lgan. Saakashviliga qo‘yilgan tashxislar, advokatning so‘zlariga ko‘ra, gruziyalik shifokorlar xulosasidan jiddiy farq qiladi.
Mixail Saakashvili 2004-yildan 2013-yilgacha Gruziya prezidenti lavozimida ishlagan va keyin mamlakatni tark etgan. Gruziyada unga qarshi bir qancha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, jumladan, budjet mablag‘larini keraksiz sarflash, lavozimini suiiste’mol qilish va deputatni kaltaklash. 2015-yilda Saakashvili Gruziya fuqaroligidan mahrum qilingan va u Ukraina fuqaroligini olgandi.
Izoh (0)