Joriy yilning 12-noyabr kuni Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Dengizqo‘l” konidagi ikkinchi siquv kompressor stansiyasi hamda “Tegirmon-Somontepa” gaz quvurining ishga tushirilishi munosabati bilan tantanali marosim o‘tkazildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev mamlakatimiz aholisini va iqtisodiyot tarmoqlarini, ayniqsa kuz-qish mavsumida tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash ustuvor vazifa ekanligi ta’kidlab, ishga tushirilgan ushbu obyektlar yuqoridagi maqsadlarga xizmat qilishi muqarrar hisoblanishini ta’kidladi.
Muborak boshqarmasining “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan qazib chiqarilayotgan tabiiy gazdagi ulushi deyarli 45 foizni tashkil qiladi. 2022-yilda boshqarma konlaridan 15,0 mlrd. kub metr tabiiy gaz qazib chiqarishi kutilmoqda.
Hududda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilib, 2017—2021-yillarda jami 6 ta uglevodorod konlari ochildi (“Chordarbaza”, “Do‘ltatepa”, “Quyi Pomuq”, “Yangi Olot”, “Ijobat”, “Razzoqbobo”) va 74,6 mlrd kub metr hajmda tabiiy gaz hamda 3,1 mln tonna hajmda suyuq uglevodorodlar zaxirasi o‘stirildi.
Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida bajarilgan ishlar natijasida 2 ta yangi kon ochildi (“Quyi Pomuq”, “Yangi Olot”) hamda 6,2 mlrd kub metr hajmda tabiiy gaz va 356 ming tonna hajmda suyuq uglevodorodlar zaxirasi o‘stirildi. Yil oxiriga qadar bu ko‘rsatkichni 12,0 mlrd kub metrga yetkazish kutilmoqda.
Loyiha bosh pudratchisi – “Enter Engineering” kompaniyasi tomonidan qisqa muddatlarda qiymati 87,8 mln dollarlik texnologik obyekt qurib bitkazildi. Zamonaviy gaz-turbina uskunalari va kompressorlar yetakchi xorijiy kompaniyalar, ya’ni “Baker Hughes”, “Akchelik”, “DenEyr Enerji”, “IGNK”, “Shandong Vintex” va boshqa kompaniyalar tomonidan yetkazib berildi.
Mazkur qurilmani foydalanishga topshirish natijasida kunlik qo‘shimcha 1 mln kub metr gaz qazib olish imkoni yaratildi. Shu bilan birga, uzunligi 47 kilometr bo‘lgan “Tegirmon-Somontepa” gaz quvurining qurilishi yiliga 1 mlrd kub metr gazni transportirovka qilish imkonini beradi.
O‘tgan yili “Alan” va “Zevarda” siquv kompressor stansiyalarining ishga tushirilishi, bugun esa “Dengizko‘l” siquv kompressor stansiyasining foydalanishga topshirilishi ko‘zlangan maqsadlarga erishishga yordam beradi.
Yuqoridagi obyektlarni qurishga jonbozlik ko‘rsatgan 40 dan ortiq ishchi va xodimlar, jumladan texnologik uskunalarning ishlab chiqaruvlarni jamiyat rahbariyatining tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ma’lumot uchun, “Dengizko‘l” koni 1981-yilda Buxoro-Xiva hududida ochilgan yirik konlardan biri bo‘lib, boshlang‘ich zaxirasi 160 mlrd. kub metr tabiiy gazni tashkil qilgan. Bu yerda gazni kompleks tayyorlash qurilmasi foydalanishga topshirilgan, keyinchalik kon qatlam bosimining keskin ravishda tushib borishini hisobga olib 2009-yilda birinchi siquv kompressor stansiyasi qurib ishga tushirilgan. Kondagi qoldiq 37 mlrd. kub metr gaz va 1,3 mln tonna kondensat zaxiralarini maksimal darajada qazib olish maqsadida, ikkinchi siquv kompressor stansiyasini qurish qarori qabul qilingan.
“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati
Izoh (0)