Yaqinda Twitter ijtimoiy tarmog‘ini sotib olgan tadbirkor Ilon Mask o‘z xodimlariga yuborgan birinchi murojaatida kompaniya bankrot bo‘lishi mumkinligini aytdi. Bu haqda Bloomberg o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Bunday ogohlantirish Mask platformani 44 milliard dollarga sotib olish bo‘yicha bitimni yopganidan keyin ikki hafta o‘tib yangradi. Bu vaqt ichida biznesmen xodimlarning yarmini ishdan bo‘shatdi, qolganlarga esa uydan turib ishlashni taqiqladi. Agentlik yozishicha, Mask 10-noyabr kuni xodimlarga jo‘natgan elektron xatida ular haftasiga kamida 40 soat ofisda ishlashi kerakligi haqida ogohlantirgan.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Maskning yangi jamoasidagi ikki rahbar xodim — Yoel Rot va Robin Uiler iste’fo bergan. Avvalroq esa Twitter’ning axborot xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i Lea Kissner ham ishdan bo‘shab ketgandi.
Shundan keyin AQSH Federal savdo komissiyasi (FTC) kompaniyadagi “so‘nggi voqealarni chuqur xavotir bilan kuzatayotgani”ni ma’lum qildi.
O‘z xatida Mask Twitter Blue pulli obuna servisini rivojlantirish zarurligini qayd etgan, u oyiga 8 dollar to‘lash evaziga akkauntni verifikatsiya qilish (rasmiylik belgisini qo‘yish) imkonini beradi. Bu L’Oreal, General Motors va boshqa kompaniyalar Twitter’da reklamadan vaqtinchalik voz kechayotgan bir paytda amalga oshirilgan. Financial Times yozishicha, reklama beruvchilar kontent moderatsiyasida o‘zgarishlar yuzaga kelishi ehtimolidan xavfsiramoqda.
Mask verifikatsiya belgisi (ko‘k “galochka”) uchun to‘lov joriy etilishi haqida shu oy boshidayoq e’lon qilgandi. Bu avvalroq uni bepul qo‘lga kiritgan taniqli shaxslar va kompaniyalar profillariga ham tegishli bo‘ladi.