Eron Saudiya Arabistonini mamlakatda norozilik namoyishlarini qo‘zg‘atish borasida Tehronning “strategik sabrini” sinamaslikka chaqirdi. Bu haqda Eron razvedka vaziri Seyyid Esmoil Xatibga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
Razvedka rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Erondagi har qanday beqarorlik mintaqa mamlakatlariga ham tarqalishi mumkin.
“Hozircha Eron qat’iy qaror bilan strategik sabr-toqatga amal qilmoqda, biroq dushman harakatlari davom etsa, buni saqlab qolishiga hech qanday kafolat bermaydi”, — deydi Xatib.
Vazirning murojaati Saudiyaning Iran International telekanali xodimlari yoshlarni namoyishga chiqishga tashviqot qilayotgani bilan bog‘liq. Eron bo‘ylab ko‘cha namoyishlari 22 yoshli Mahsa Amini 16 sentabr kuni hijobni noto‘g‘ri o‘raganlikda ayblanib, hibsga olinganidan so‘ng vafot etgach avj oldi.
Eron buning ortida AQSH va Saudiya Arabistoni turganini qayd etdi, Aminining o‘limi sababli boshlangan tartibsizliklarda o‘nlab odamlar halok bo‘ldi, ular orasida xavfsizlik kuchlari xodimlari ham bor.