Rossiyada sovet davrlaridan buyon foydalanilmagan bombapanohlar yashirincha tekshirilmoqda va yangilanmoqda. Bu haqda Bloomberg o‘z manbalariga tayanib xabar bergan. Bunday jarayonlar faqat Ukraina bilan chegaradosh hududlarda bo‘layotgani yo‘q, deyiladi xabarda.
Nashr suhbatdoshlari aytishicha, Rossiya davlat organlari xodimlari yerto‘lalar va boshqa himoyalangan obyektlarni maxfiy ravishda tekshiruvdan o‘tkazmoqda. Bundan tashqari, sovet davrlaridan buyon ishlatilmagan inshootlar ta’mirlanmoqda va tozalanmoqda.
Ta’kidlanishicha, bunday tadbirlar Ukraina bilan “nizo kengayib ketishi” ehtimoli yuzasidan fuqarolik mudofaasi infratuzilmasini tayyorlash doirasida olib borilmoqda.
Bloomberg qayd etishicha, ushbu kampaniya haqida rasman e’lon qilinmagan va u fuqarolik mudofaasi infratuzilmasidan foydalanish bo‘yicha muayyan xavflar yoki rejalar bilan bog‘liq emas. “Biroq Rossiyada e’lon qilingan qisman safarbarlik byurokratik xatoliklar bilan olib borilgani tufayli, RF hukumati endi boshqa tayyorgarlik tadbirlar borasida tavakkal qilmoqchi emas”, — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, Rossiyaning Ukraina bilan chegara yaqinida joylashgan bir nechta viloyatlarida davlat xizmatchilari bombapanohlarni tayyorlash bo‘yicha tadbirlar olib borilayotganini omma oldida tasdiqlagan. Bloomberg manbalari bunday tekshiruvlar Rossiyaning butun hududi bo‘ylab o‘tkazilayotganini aytmoqda.
Rossiya bombapanohlarni tayyorlayotgani haqida avval ham xabarlar paydo bo‘lgan edi. Xususan, 2022-yil oktabrida Ukraina Tashqi razvedka xizmati sobiq rahbari Nikolay Malomuj RF bombapanohlarni tayyorlashga qizg‘inlik bilan kirishganini aytgandi. Moskvada boshpanalarni “obodonlashtirish”ni oktabrda boshlashgan, Sochida esa tayyorgarlik bahordayoq boshlangan.
Bundan tashqari, Rossiya OAVlari Moskvadagi yerosti parkinglarida uxlash uchun joylar tayyorlanib, isitish uskunalari va aptechkalar o‘rnatilayotgani haqida yozgandi. Parkinglardan bombapanohlar sifatida foydalanish rejalashtirilmoqda.
Rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Ilya Ponomaryov fikricha, Moskvada bombapanohlarning tayyorlanishi va ittifoqdosh mamlakatlarning o‘z fuqarolaridan Rossiyani tark etishni so‘rashi Kremlning Amerika auditoriyasiga qaratilgan propagandasining bir qismidir. Shu tariqa, Putin G‘arbning yadroviy shantaji borasida o‘z stavkalarini oshirmoqda, dedi u.