Ukraina mudofaa vaziri Aleksiy Reznikov Rossiyaga Dneprning o‘ng qirg‘og‘idan, jumladan Xersondan qo‘shinlarini olib chiqish uchun kamida bir hafta kerak bo‘lishini aytdi. Bu haqda u 10-noyabr kuni kechqurun Reuters agentligiga bergan intervyusida gapirdi.
Reznikovning so‘zlariga ko‘ra, Xerson viloyatida Rossiyaning 40 ming askari bor. U Rossiya chekinish haqida e’lon qilgan bo‘lsa-da, rus qo‘shinlari hamon Xersonda, shahar atrofi va Dnepr daryosining o‘ng qirg‘og‘ida qolayotganini ta’kidladi.
Bu qo‘shinlarni Xersondan bir-ikki kun ichida olib chiqib ketish unchalik oson emas. Buning uchun kamida bir hafta kerak bo‘ladi, — dedi vazir. U Rossiyaning harakatlarini oldindan aytish qiyinligini ham qayd etdi.Xerson viloyati hududida joylashgan Ukraina Qurolli Kuchlari quruqlikdagi qo‘shinlarining “Janub” tezkor qo‘mondonligi 11-noyabrga o‘tar kechasi xabar berishicha, Rossiya Dneprning ikki qirg‘og‘i o‘rtasida harbiylari va texnikasini tashishda davom etmoqda, chap qirg‘oqda mudofaa chiziqlarini qurmoqda, o‘ngda esa Ukraina Qurolli kuchlari pozitsiyalarini o‘qqa tutmoqda. Xabarda ta’kidlanishicha, Ukraina qo‘shinlari ham front chizig‘ini chap qirg‘oqqa yaqinlashtirishda davom etmoqda, Rossiya kuchlari bo‘lsa daryoni “zudlik bilan kesib o‘tishga yaroqli qayiqlarni yig‘moqda”.
Ukraina Qurolli kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya o‘z qo‘shinlarini qisman olib chiqib ketgan, biroq bo‘linma va texnikaning bir qismi hamon Dneprning o‘ng qirg‘og‘ida qolmoqda, — deb xabar berdi 10-oktabr kuni kechqurun “Janub” kuchlar guruhi vakili Natalya Gumenyuk. Uning ta’kidlashicha, Ukraina Qurolli kuchlari rossiyaliklarning harakatlarini kuzatib bormoqda va ehtimoliy yolg‘on manyovrlardan xabardor.10-noyabr kuni kechqurun Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina janubida 41 ta aholi punkti ozod qilinganini ma’lum qildi. U hududlar aynan qachon ozod etilganiga aniqlik kiritmadi. Shu bilan birga, Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi 9-noyabr kuni Xerson yo‘nalishida 12 ta aholi punkti ozod qilinganini ma’lum qildi. Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan yana qaysi shahar yoki shaharlar egallab olingani aytilmagan. 10-oktabr kuni Ukraina harbiylari Dneprning o‘ng qirg‘og‘idagi muhim logistika markazi bo‘lgan Nikolayev viloyatidagi Snigiryovkani ozod qilgani haqida xabar berdi.
Shu bilan birga, Xersondagi vaziyat haqida juda ko‘p qarama-qarshi va tasdiqlanmagan ma’lumotlar mavjud. Masalan, Xersonning Ukraina qo‘shinlari tomonidan o‘rab olingani Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan inkor etilmoqda.
Bundan tashqari, Rossiya OAVlarining “harbiy muxbirlarga” tayanib xabar berishicha, Xerson viloyatida Dnepr orqali o‘tuvchi Antonov ko‘prigi, shuningdek, yaqin atrofda joylashgan temiryo‘l ko‘prigi go‘yoki portlash oqibatida butunlay vayron bo‘lgan. Readovka nashrining ta’kidlashicha, portlashlar Rossiya armiyasi Dneprning o‘ng qirg‘og‘ini butunlay tark etganidan keyin sodir bo‘lgan. Ushbu ma’lumotlarni mustaqil tasdiqlashning imkoni yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya qo‘mondonligi 9-noyabr kuni Dneprning chap qirg‘og‘idan, jumladan, Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga bostirib kirganidan ko‘p o‘tmay egallab olgan Xerson shahridan chekinishini e’lon qilgandi. Ammo Ukraina Rossiya Xersonni jangsiz topshirishiga ishonmayapti.