Seul va Vashington o‘rtasidagi maxfiy qurol-yarog‘ bitimi doirasida AQSH birinchi marta Janubiy Koreyadan Ukraina Qurolli kuchlari uchun mo‘ljallangan artilleriya snaryadlarini sotib oladi. Bu haqda The Wall Street Journal nashri manbalarga tayanib xabar berdi.
Shartnoma bilan tanish amerikalik rasmiylari AQSH Ukrainaga yetkazib berish uchun 155 millimetr kalibrli 100 mingta artilleriya o‘qlarini sotib olishini aytdi. Bu miqdor kamida bir necha haftalik shiddatli jangovar harakatlarda Ukraina artilleriya bo‘linmalarini ta’minlash uchun yetarli.
Kelishuv Seulga Ukrainaga halok qiluvchi qurol yetkazib bermaslik bo‘yicha o‘z majburiyatini buzmaslikka imkon beradi, Vashington esa o‘z snaryadlari zaxirasini yo‘qotmaydi, deb yozmoqda gazeta.
Oktabr oyi oxirida Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol uning mamlakati Ukrainaga hech qachon halokatli qurollar yetkazib bermagani va har doim gumanitar yordam bilan cheklanib kelganini aytdi.
11-noyabr kuni Janubiy Koreya mudofaa vazirligi Seul Ukrainaga qurol yetkazib berish niyatida emasligini ma’lum qildi. Vazirning ta’kidlashicha, AQSH bilan kelishuv Pentagonning o‘q-dorilar zaxirasini to‘ldirish uchun zarur. Seul snaryadlarni faqat Qo‘shma Shtatlar foydalanishi sharti bilan AQSHga topshiradi, deya qo‘shimcha qildi vazirlik.