Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida operatsiya uchun yig‘ilgan pullar firibgar tomonidan o‘zlashtirildi, deb xabar bermoqda Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi.
Qayd etilishicha, Nukus shahrida yashovchi fuqaro N.J. ariza bilan murojaat qilib, Telegram messenjerida nabirasining operatsiyasiga yordam so‘rab “Muhtoj insonlarga yordam” guruhida bank kartasi va telefon raqamlarini joylashtirganini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng noma’lum shaxs fuqaro N.J.ga qo‘ng‘iroq qilib, katta miqdorda pul mablag‘larini o‘tkazib berishni va’da qilgan. Uning ishonchiga kirib, telefon raqamiga kelgan SMS xabarnomani qo‘lga kiritib, jami 6 million 300 ming so‘m pullarini o‘zlashtirgan. Jabrlanuvchi unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida firibgarlik yo‘li bilan pullarni o‘zlashtirgan shaxs muqaddam Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan bir necha marotaba sudlangan Ellikqal’a tumanida yashovchi 2004-yilda tug‘ilgan A.J. ekani aniqlangan.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)