O‘zbekiston elchisi Ulug‘bek Maqsudov Jidda shahrida “Sitra” to‘qimachilik kompaniyasi direktori Umar al-Saqqof bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Saudiya Arabistonidagi to‘qimachilik korxonalari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik mahsulotlarini Podshohlikka eksport qilish va qo‘shma korxona ta’sis etish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Umar al-Saqqof saudiyalik investorlar mamlakatning vazirlik va idoralari bilan yaqindan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, to‘qimachilik sohasidagi loyihalarga birgalikda investitsiya kiritish istagida ekanini bildirgan. Tadbirkor O‘zbekistondagi korxonalar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik mahsulotlarini Saudiya Arabistoni Podshohligi bozoriga olib kirishdan manfaatdor ekanini aytgan.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston—Saudiya Arabistoni to‘qimachilik qo‘shma korxonasini ta’sis etish bo‘yicha fikr almashgan.
Izoh (0)