O‘zbekistonda aksariyat ota-onalar, ayniqsa bolalar haqida gap ketganda, moliyaviy savodxonlikning inson hayotidagi ahamiyatiga yetarlicha e’tibor bermaydi. “Daryo” qanday qilib bolalar bilan pul haqida gaplashish to‘g‘risida so‘z yuritadi.
Farzandini pulga bo‘lgan munosabatini noto‘g‘ri shakllanishidan qo‘rqqan ota-onalar, ularning moliya to‘g‘risidagi bilimlarini minimal darajaga tushirib ikkita mutlaq farqli tushuncha: “G‘amxo‘rlik” va” “moliyaviy savodxonlik”ni adashtirayotganliklarini sezmaydi.
Bolalar maktabga borishlari, matematika, fizika, tarix kabi fanlaridan bilim olishlari va dunyoni o‘rganishlari kerak, biroq u yerda hayotiy muhim darslardan biri hisoblangan “pul bilan to‘g‘ri muomala qilish” kerakligi o‘rgatilmaydi.
Ota-onalar bolalarini ma’lumotli tarbiyalashga harakat qilib, ularni real hayotga moliyaviy mustaqillikning asosiy vositasi bo‘lmish — moliyaviy savodxonlikka oid bilimlarni bermasdan turib tayyorlamoqda.
Bolalarni kelajakda moliyaviy mustaqil bo‘lishlari uchun ularga yoshliklaridan pul bilan qanday to‘g‘ri muomalada bo‘lish kerakligini o‘rgatish lozim.
Har qanday bola bilan 4-5 yoshligidan boshlab moliyaviy savodxonlik to‘g‘risida gaplashish zarur. Sabab — bu yoshda bolalarda o‘zlarini o‘rab turgan barcha narsalar haqida juda ko‘p savollar paydo bo‘ladi.
Bolaga pul nima va u qayerdan olinishini tushuntirib berish kerak
Erta yoshdan boshlab bolalar pul narsa xarid qilish uchun kerakligini tushunib yetadi. Biroq ular pullarni qayerdan olinishini va ular qanday qilib ota-onalarining cho‘ntaklarida paydo bo‘lishini bilmaydi.
Pulning miqdori cheksiz emasligi va pulga ega bo‘lish uchun odam ishlashi kerakligi haqida bolaga tushuncha berish kerak.
Bolaga qadimda odamlar pul va pul tushunchasi paydo bo‘lishdan avval qanday qilib savdo-sotiq ishlarini amalga oshirganliklarini hikoya qilib bersa bo‘ladi. Ularga barter (tovar almashinuvi) nima ekanligini tushuntirish ham maqsadga muvofiq.
Masalan, oldinlari bir nechta tuxumni nonga almashtirish mumkin bo‘lgan. Biroq, vaqt o‘tishi bilan ayrim sabablarga ko‘ra tovarlar almashuvi qiyinlashdi:
- hamma narsani ham, vazni sababli osongina ko‘tarib yurib bo‘lmasdi;
- ba’zi mahsulotlarning sifati vaqt o‘tishi bilan yomonlashgan.
Bolani oila budjeti bilan tanishtirish kerak
Bolalarda tez-tez biror narsani sotib olish istagi paydo bo‘ladi. Shu sabab, bolani erta yoshdan boshlab, u ko‘p narsani tushuna oladigan darajaga yetganda, oilaviy budjet haqida gapirishni boshlash zarur.
Bu yerda kommunal xizmatlar, oziq-ovqat, kiyim-kechak va hokazolar uchun qilinadigan majburiy xarajatlari haqida so‘zlab berish mumkin.
Buni mevalar yoki o‘yinchoq qismlari misolida amalga oshirsa bo‘ladi. Ota-onalar o‘z xarajatlarini daromadlariga qarab puxta rejalashtirishlarini va ular har doim ham u yoki bu narsani, juda qattiq xohlagan taqdirlarida ham xarid qila olmasliklari haqida gapirib berishi kerak.
Oila budjetini rejalashtirish paytida ota-onalar bolaga qilinadigan xarajatlar, ya’ni: o‘yinchoq mashina yoki Lego o‘yinchoqlar to‘plamini xarid qilishni ham inobatga olishini tushuntirish kerak.
Shunday qilib, keyingi safar oylik xarajatlar rejalashtirilganligi va ortiqcha xarid budjet miqdoridan oshib ketishiga olib kelgani sababli ota-onalar bolaga bu oy yangi o‘yinchoq olib bera olmasliklarini tushuntirishganlarida bola buni ancha-muncha tushunadigan bo‘ladi.
Agar bolaning biror narsa sotib olish uchun qilgan har bir talabiga asabiy munosabat bildirilsa, bunaqa narsalar juda ham qimmatli, unga olib berishning imkoni yo‘qligi haqida doimiy ravishda gapirilsa, bunday vaziyatda bolada pul doimo yetishmasligi va u eng katta qiymatga ega ekanligi haqidagi fikr shakllanadi.
Pulni oqilona sarflashni o‘rgatish
3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar bilan ota-onalar qo‘lbola kassa bilan “do‘kon” o‘yinini o‘ynashlari mumkin.
Mahsulotni qo‘yib uning narxini qog‘ozchaga yozib qo‘ysa bo‘ldi. Bundan tashqari belgilangan miqdordagi pulni bolaga berib unga ayrim xaridlarni mustaqil amalga oshirish imkonini berish mumkin.
Qachonki farzandlar bir oz ulg‘ayib 7—14 yosh oralig‘ida bo‘lishganda ular pulning xarid qobiliyatini ancha aniqroq tushuna oladi (qaysi mahsulotni qanday summaga olish mumkin).
Aynan o‘sha paytda turli xil do‘konlardagi mahsulotni har xil narxlardaligini muhokama qilib hamda nima uchun aynan shu mahsulotni tanlanganini tushuntirib berib bolani iqtisodga o‘rgatish mumkin.
Ushbu bosqichdan so‘ng, bola pulni ongli ravishda ishlatishni boshlaydi va uni yoshlik chog‘idan boshlab oylik yoki uzoqroq muddatga umumiy oila budjeti rejasini tuzishga o‘rgatsa bo‘ladi.
Budjet rejasi tuzilgandan so‘ng, ota-onalar farzandlari bilan ularning budjet rejalari bir birlarinikiga mos kelganliklarini muhokama qilishlari mumkin.
Shuningdek, ota-onalar bolalariga qarz mavzusini ham o‘rgatishlari kerak, chunki ertami-kechmi bolangiz do‘stlaridan qarz olishni yoki qarz berishni xohlashi mumkin.
Qarzlar yaqin odamlar o‘rtasidagi munosabatlarni buzish xususiyatiga ega ekanligini va keyinchalik do‘stlar o‘rtasidagi yaxshi aloqalarni saqlab qolish uchun qanday qilib ular qarz so‘raganda to‘g‘ri rad javobini berish kerak ekanligini ham tushuntirish kerak.
Bolaga pul jamg‘arish uchun maqsadlar qo‘yishda yordam berish
Ayrim odamlar yuqori maoshga ega bo‘lmasliklariga qaramasdan yirik xaridlar: avtomobil, kvartira yoki qimmatli ta’til uchun pul jamg‘ara oladi.
Bu vaqtda yaxshi ish haqiga ega odam butun umri davomida arziydigan biror nima uchun pulni jamg‘ara olmasligi mumkin. Bu, ikkinchi turdagi odamlar bir kun bilan yashashi va kelajak haqida umuman o‘ylamaganligi tufayli sodir bo‘ladi.
Dunyodagi eng muhim ko‘nikmalardan biri bu maqsadni tanlay bilish va belgilangan rejalarni o‘zgartirmasdan unga intilishdir.
Ota-onalar uchun farzandlariga ularning yoshligidan bu ko‘nikmani o‘rganishlariga yordam berishlari muhim hisoblanadi, chunki aynan shu sababli bolangiz voyaga yetganida o‘z mablag‘larini tejashni va to‘g‘ri boshqarishni o‘rganadi.
Maqsadni qo‘yishni o‘rgatish bo‘yicha maslahatlar:
Bir necha kun ichida farzandingizga oz miqdordagi pulni berib borishingiz va kerakli miqdor yig‘ilganida o‘zi xohlagan narsani sotib olishi uchun u bilan birga do‘konga borishingiz mumkin.
Farzandingizga kunlik xarajati yoki bayramlar orqali sovg‘a qilingan pullarning ma’lum bir foizini tejab qo‘yish maslahatini bering.
O‘zbekistonda ota-onalar farzandlari uchun ularning tug‘ilgan kunidan boshlab bank hisob raqamini ochishlari va unga ma’lum miqdorda mablag‘ qo‘yishlari mumkin.
Ushbu mablag‘ ota-ona yoki 14 yoshga to‘lgan farzand (bu yoshda hisob raqamdan qisman foydalanish huquqiga ega bo‘ladi ) tomonidan ishlatish istagi bo‘lmagunga qadar jamg‘arish muddati davomida ko‘payib boradi.
Bu bola uchun tejash mohiyatini anglash va belgilangan maqsadga erishishda mavjud pulni ko‘paytirish uchun ajoyib namunadir.
Shuningdek, bolalarni yoshligidan pullarni tartibli saqlashga o‘rgatish muhim. Farzandlaringiz biron narsaga pul to‘plashni maqsad qilganlarida, ularga pulni saqlashga yordam beradigan buyum as qotadi. Ancha kichik bolalar uchun pul soladigan qutini (kopilka) sotib olish mumkin.
Moliyaviy vositalar haqida gapirib berish
Bankning moliyaviy vositalari haqidagi bog‘cha yoshidanoq bolaga tushunchalarni berishni boshlash muhimdir.
To‘lovni bank kartasi orqali amalga oshirish vaziyatida, farzandingizga to‘lovni qanday amalga oshirayotganingizni va pulni nimaga sarflayotganingizni ko‘rsating.
Ko‘pincha bolalarda ota-onalari nimanidir bank kartalari orqali yoki onlayn tarzda sotib olishayotganlarini ko‘rib, xohlagan narsani istalgan vaqtda, haqiqiy pullarni sarflamay olish mumkin degan noto‘g‘ri fikr paydo bo‘ladi. Buni oldini olish uchun ularga banklar va bank kartalari tizimi haqida gapirib berish kerak.
Bankomatlardan olinayotgan naqd pullar bank kartasi hisob raqamidan yechib olinishini ham tushuntirish muhimdir.
Bundan tashqari bir oylik xarajatlarni to‘planishini bank kartasi xarajatlar ma’lumotnomasi orqali ko‘rsatsa bo‘ladi.
Bugungi kunda O‘zbekistondagi banklar bolalar uchun plastik kartalarini ochish xizmatini taklif qilmoqda. Ushbu kartalar ota-onalarning bank hisob raqamiga bog‘langan qo‘shimcha kartalardir.
Bolalar bank kartasi nima?
Bolalar bank kartasi quyidagicha ishlaydi: ota-ona o‘z nomiga maxsus bank karta hisobini ochadi.
Bank kartasi esa farzandining ismiga ochiladi va kartaga farzandining ismi yoziladi.
Ushbu bank kartasi yordamida to‘lovlarni amalga oshirish yoki pullarni naqdlash mumkin.
Bolalarga bank kartasini ochish uchun ota-ona nima qilishi kerak?
Ota-onalar Humo, Uzcard yoki Visa bolalar bank kartalariga buyurtma berishlari mumkin. Ba’zi banklar qo‘shimcha imkoniyat sifatida bolalar bank kartalarini maxsus dizayn bilan taklif etishadi.
10 yoshdan katta farzandlar uchun bolalar bank kartasini ochish imkoni mavjud. Ayrim banklarda yosh chegarasi bundan ham kichik bo‘lishi mumkin.
Buning uchun nima qilish kerak:
- Ota-ona pasport, farzandining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi bilan bankning istalgan filialiga keladi va bolalar bank kartasiga ariza qoldiradi. Ba’zi banklarda ushbu kartaga onlayn rasmiy veb sayt orqali buyurtma berish mumkin.
- Bank kartasi bilan operatsiyalarni amalga oshirishga rozilik berish.
- Bank kartasining tayyorligi haqida qo‘ng‘iroq yoki SMS xabarni kutish kerak. Bank kartasining tayyor bo‘lish vaqti bir necha kun bo‘lishi mumkin (taxminan 3kundan 10 kungacha).
- Tayyor bo‘lgandan so‘ng bankdan kartani olib ketish.
- Farzand uchun moliyaviy rejalashtirish va nazorat qilish uchun bankning mobil ilovasini o‘rnatish.
Maqolada Markaziy bankning “Finlit.uz” saytidagi ma’lumotlardan foydalanildi
Izoh (0)