O‘zbekistonlik olimlar yangi baliq turini kashf etdi. Bu haqda “Daryo”ga biolog-ixtiolog Baxtiyor Sheraliyev xabar berdi.
Uning Zookeys xalqaro ilmiy jurnaliga tayanib yozishicha, avvalroq Farg‘ona davlat universiteti hamda Xitoyning Janubiy-g‘arbiy universiteti olimlari hamkorligida Farg‘ona vodiysidan yalangbaliqlarga oid yangi baliq turi aniqlangan.Ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyodagi daryolar yopiq suv havzalari guruhiga mansub bo‘lgani sababli mazkur daryolarda uchraydigan aksariyat baliqlar endemik turlar hisoblanadi. Ushbu baliqlar dunyoning boshqa mintaqasida uchramaydi va shu bois ham ularni o‘rganishga bo‘lgan talab juda yuqori.
Baxtiyor Sheraliyev boshchiligidagi ixtiolog olimlar jamoasi bir necha yildan beri O‘zbekiston, jumladan, Farg‘ona vodiysi suv havzalarida tarqalgan baliqlarni o‘rganib kelayotgan bo‘lgan.
Mazkur tadqiqotlar natijasida o‘tgan yili Shohimardon daryosidan yalangbaliqlarning Triplophysa ferganaensis deb nomlangan yangi turi kashf etilgan edi. Bu yil esa So‘x daryosidan shu vaqtgacha fanga noma’lum bo‘lgan yana bir yalangbaliq turi topildi. Unga tadqiqotchilar So‘x yalangbalig‘i — Triplophysa daryoae deb nom berishdi, — deydi Baxtiyor Sheraliyev.Qo‘shimcha qilinishicha, ayni vaqtda O‘zbekistonda hududidagi suv havzalarda 70 ga yaqin baliq turi qayd qilingan.
Izoh (0)