21-oktabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan Makka shahridagi “Hotel Makkah by Millennium” mehmonxonasida vatandoshlar ishtirokida tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ta’kidlanishicha, ishtirokchilarga O‘zbekistonda o‘zbek tilining mavqeyini mustahkamlash, ona tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil so‘zlab berildi. Bu borada xorijdagi ko‘plab universitetlarda o‘zbek tili markazlari tashkil etilgani va chet mamlakatlarda o‘zbek tilini o‘rganishga qiziquvchilarning soni yil sayin ortib borayotgani qayd etildi.
Hozirgi kunda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni 60 milliondan oshdi, xorijiy davlatlardagi 50 dan ortiq oliy o‘quv yurtida o‘zbek tili o‘rgatilmoqda.
Saudiya Arabistonida istiqomat qilayotgan asli o‘zbek bo‘lgan buxoriylar diasporasi vakillari o‘zbek tilining jamiyatdagi mavqeyini yuksaltirish dolzarb vazifaga aylanib borayotganini qayd etdi. Bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunida Saudiya hududida o‘zbek tilini keng targ‘ib qilish, diaspora vakillari farzandlarining milliy tilni mukammal egallashi uchun maxsus kurslar tashkil etish va ularni zarur adabiyotlar bilan ta’minlashga kelishib olindi.
Izoh (0)