AQSH prezidenti Jo Bayden Rossiyaning Ukraina shaharlariga bergan ommaviy zarbasini qoraladi, deb yozadi Meduza.
Ushbu hujumlar Ukraina xalqini uzoq vaqt davomida qo‘llab-quvvatlash qarorimizni yanada kuchaytiradi.AQSH bugun Rossiya tomonidan Ukrainaga, jumladan Kiyevga qarshi berilgan raketa zarbalarini keskin qoralaydi. Natijada tinch aholi halok bo‘ldi va yaralandi, harbiy maqsadda bo‘lmagan obyektlar vayron qilindi. Bu zarbalar yana bir bor janob Putinning Ukraina xalqiga qarshi noqonuniy urushidagi shafqatsizlikni ko‘rsatadi.
Bugun halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz, jarohatlanganlarga esa sog‘ayib ketishini tilab qolamiz.
Bu hujumlar Ukraina xalqini oxirigacha qo‘llab-quvvatlash qarorimizni yanada kuchaytiradi. Ittifoqdoshlarimiz va hamkorlarimiz bilan biz Rossiyani tajovuzkorligi uchun jazolashda davom etamiz, Putin va Rossiyani vahshiylik va harbiy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortib, Ukraina kuchlariga o‘z mamlakati va erkinligini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan yordamni beramiz.
Biz yana bir bor Rossiyani bu asossiz tajovuzni zudlik bilan to‘xtatishga va o‘z qo‘shinlarini Ukrainadan olib chiqib ketishga chaqiramiz.
Jo Bayden, AQSH prezidenti
Ukraina shaharlaridagi portlashlar
10-oktabr kuni ertalab Kiyevda va Dneprda bir necha marta portlashlar sodir bo‘ldi. Kiyev meri Vitaliy Klichko shaharga zarbalar berilganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev markazidagi Shevchenko tumani hujumga uchragan.Shevchenko tumanida raketa zarbasi oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi, yana 24 nafar tinch aholi vakili yaralandi.Kiyevda metro harakati to‘xtatilgan, metropolitenning barcha bekatlari fuqarolar uchun boshpana sifatida foydalanilmoqda.
Shuningdek, Dneprda ham portlash ovozlari eshitilgan. Shaharda va viloyatda havo trevogasi e’lon qilingan.
Bundan tashqari, OAVlar Ukrainaning Xmelnitskiy, Jitomir, Lvov, Kremenchug, Krivoy Rog, Ternopol shaharlaridagi portlashlar haqida ham xabar bermoqda.
Qrim ko‘prigidagi portlash
Qrim ko‘prigida 8-oktabr kuni tongda yuk mashinasi portlab ketdi. Portlash tufayli shu payt ko‘prikning temir yo‘l qismida harakatlanayotgan yuk poyezdining yonilg‘i ortilgan sisternalari yonib ketdi. Oqibatda uch kishi halok bo‘ldi, shuningdek, ko‘prikning avtomobil yo‘li qismida uchta tayanch ustuni oraliqlari qulab tushdi.Ko‘prikda harakat to‘xtatildi, ko‘rfaz orqali paromlar qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi. 8-oktabr kuni kechki paytga kelib, ko‘prik orqali harakat qayta tiklana boshladi. 9-oktabr kuni ikkita polosa orqali harakat ham qayta yo‘lga qo‘yildi.Rossiya javob qaytarishga va’da berdi
Qrim ko‘prigidagi portlashdan keyin Rossiya Tergov qo‘mitasi terrorizm haqida ish ochdi, mamlakat prezidenti Vladimir Putin voqeada Ukraina maxsus xizmatlarini aybladi. “Shubhasiz, bu Rossiya Federatsiyasining o‘ta muhim fuqarolik infratuzilmasini vayron qilishga qaratilgan teraktdir, — dedi Putin. — Mualliflar, ijrochilar, buyurtmachilar — Ukraina maxsus xizmatlari”.Qrim ko‘prigidagi portlash va yong‘in qo‘poruvchilik va terrorchilik harakati hisoblanadi, uning ortida esa “kriminal Kiyev rejimi” turibdi, ularni “yo‘q qilish” kerak, dedi Rossiya sobiq prezidenti, Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev.“Rossiyaning ushbu jinoyatga javobi faqat terrorchilarni bevosita yo‘q qilish bo‘lishi mumkin. Butun dunyoda aynan shunday qilinadi. Rossiya fuqarolari aynan shuni kutmoqda”, — deya fikr bildirdi Medvedev.
Ukraina ko‘prikdagi portlashni zimmasiga oldimi?
Portlash Ukraina xavfsizlik xizmati operatsiyasi bo‘lgani haqidagi xabarlar hodisadan keyin ko‘p o‘tmay OAVlarda paydo bo‘lgan edi. Xususan, bu haqda “Ukrainskaya pravda” huquq-tartibot organlaridagi manbasiga tayanib xabar bergan, The New York Times ismi sir qolishni istagan ukrainalik yuqori martabali amaldorga asoslanib yozgan.Ukraina maxsus xizmatlari Qrim ko‘prigidagi portlash uchun javobgarlikni rasman zimmasiga olganicha yo‘q. Biroq Ukraina Mudofaa vazirligi Qrim ko‘prigidagi hodisa yuzasidan izoh berib, Twitter’da quyidagicha post qoldirdi: “‘Moskva’ raketa kreyseri va Kerch ko‘prigi — Ukraina Qrimida Rossiya hokimiyatining ikkita mashhur ramzi — yo‘qoldi. Ruslar, endi navbatda nima?”Kiyev Qrim ko‘prigiga zarba berishi haqida avvalroq ko‘p bora ogohlantirgandi. “U orqali texnika bilan ta’minlash amalga oshirilmoqda, demak uni buzish kerak”, — degan edi Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovich.