Kiyevning Shevchenko tumanida raketa zarbasi oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi, yana 24 nafar tinch aholi vakili yaralandi. Bu haqda Ukraina ichki ishlar vaziri maslahatchisi Rostislav Smirnov ma’lum qildi.
10-oktabr kuni ertalab Kiyevda va Dneprda bir necha marta portlashlar sodir bo‘ldi. Kiyev meri Vitaliy Klichko shaharga zarbalar berilganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev markazidagi Shevchenko tumani hujumga uchragan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, raketalardan biri Mixail Grushevskiy haykali yaqiniga tushgan, oqibatda shu yerdan o‘tib ketayotgan avtomobillar yonib ketgan.
Kiyevda metroning qizil tarmog‘idagi harakat to‘xtatilgan, metropolitenning barcha bekatlari fuqarolar uchun boshpana sifatida foydalanilmoqda.
Shuningdek, Dneprda ham portlash ovozlari eshitilgan. Shaharda va viloyatda havo trevogasi e’lon qilingan.
Bundan tashqari, OAVlar Ukrainaning Xmelnitskiy, Jitomir, Lvov, Kremenchug, Krivoy Rog, Ternopol shaharlaridagi portlashlar haqida ham xabar bermoqda.
So‘nggi marta Kiyev iyun oxirida raketa bilan o‘qqa tutilgandi. O‘shanda rossiyalik harbiylar shaharga 14 ta raketa tashlagan. Ulardan biri Shevchenko tumanidagi ko‘p qavatli binoga borib tekkandi. Oqibatda bir kishi halok bo‘lgan, yana olti kishi yaralangandi.