Avdeyevka hududidagi rus qo‘shinlari Donetsk viloyatidagi yutuqdan so‘ng o‘z harbiy operatsiyalarini qaysi yo‘nalishga qaratishini tanlashi mumkin. Bu haqda Amerikaning Urushni o‘rganish instituti (ISW) ekspertlari xabar berdi.
Frontdagi vaziyat to‘g‘risidagi hisobotga ko‘ra, Rossiya armiyasi g‘arbiy yo‘nalishda (Pokrovsk shahri tomon) oldinga siljishga urinishi mumkin yoki shimolga, Chasov Yar shahri tomon siljishi mumkin.
Rossiya kuchlarida Avdeyevka yaqinida bo‘lajak hujum uchun ko‘plab taktik variantlar mavjud, biroq ular yaqin kelajakda o‘z kuchlarini qayerga yo‘naltirishlari nomaʼlumligicha qolmoqda, — deyiladi hisobotda.
Avvalroq ISW ekspertlari Rossiya yaqin haftalarda sezilarli taktik yutuqlarga erishishi mumkinligini, ammo Ukraina mudofaasini tezda yorib o‘ta olmasligini aytishgan edi.
ISW’ga ko‘ra, Rossiya armiyasi Chasov Yar shahrida operatsion jihatdan muhim maqsadlarga erishish imkoniyatiga ega, biroq buning o‘rniga o‘z kuchini Ocheretino yaqinidagi yutuqni kengaytirishga sarflamoqda.
Hisobot mualliflari Rossiya kuchlari so‘nggi 24 soat ichida Avdeyevka yo‘nalishida sezilarli muvaffaqiyatga erisha olmaganini ta’kidlagan.
Izoh (0)