Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) xodimlari Qrim ko‘prigidagi teraktni uyushtirishda gumonlanuvchilarni aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Bu haqda Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin mamlakat prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qildi, u “Rossiya 24” telekanali orqali translyatsiya qilindi, deb yozadi “RBK”.
“Biz portlab ketgan yuk mashinasining yo‘nalishini aniqladik, bu — Bolgariya, Gruziya, Armaniston, Shimoliy Osetiya, Krasnodar o‘lkasi. Bundan tashqari, tashuvchilar, harakatni uyushtirishda qatnashgan shaxslar aniqlandi… FXX xodimlari yordamida teraktni uyushtirganlikda gumonlanuvchilar aniqlandi”, — dedi Bastrikin. Uning so‘zlariga ko‘ra, tayyorgarlik ishlarida chet mamlakatlar fuqarolari yordam bergan.
Uning ta’kidlashicha, Qrim ko‘prigidagi portlash “shubhasiz, terroristik xususiyat kasb etadi, bu terrorchilik harakati”. Tergov qo‘mitasi rahbari qayd etishicha, surishtiruvning dastlabki ma’lumotlari portlashni Ukraina maxsus xizmatlari uyushtirgan, deyish imkonini beradi. Ularning maqsadi “fuqarolik infratuzilmasining yirik obyektini yo‘q qilish”dan iborat bo‘lgan.
“Shubhasiz, bu Rossiya Federatsiyasining o‘ta muhim fuqarolik infratuzilmasini vayron qilishga qaratilgan teraktdir, — deya uning fikriga qo‘shildi Putin. — Mualliflar, ijrochilar, buyurtmachilar — Ukraina maxsus xizmatlari”.
Portlash Ukraina xavfsizlik xizmati operatsiyasi bo‘lgani haqidagi xabarlar hodisadan keyin ko‘p o‘tmay OAVlarda paydo bo‘lgan edi. Xususan, bu haqda “Ukrainskaya Pravda” huquq-tartibot organlaridagi manbasiga tayanib xabar bergan, The New York Times ismi sir qolishni istagan ukrainalik yuqori martabali amaldorga asoslanib yozgan.
Ukraina maxsus xizmatlari Qrim ko‘prigidagi portlash uchun javobgarlikni rasman zimmasiga olganicha yo‘q. Biroq Ukraina Mudofaa vazirligi Qrim ko‘prigidagi hodisa yuzasidan izoh berib, Twitter’da quyidagicha post qoldirdi: “‘Moskva’ raketa kreyseri va Kerch ko‘prigi — Ukraina Qrimida Rossiya hokimiyatining ikkita mashhur ramzi — yo‘qoldi. Ruslar, endi navbatda nima?”
Qrim ko‘prigidagi portlash
Qrim ko‘prigida 8-oktabr kuni tongda yuk mashinasi portlab ketdi. Portlash tufayli shu payt ko‘prikning temir yo‘l qismida harakatlanayotgan yuk poyezdining yonilg‘i ortilgan sisternalari yonib ketdi. Oqibatda uch kishi halok bo‘ldi, shuningdek, ko‘prikning avtomobil yo‘li qismida uchta tayanch ustuni oraliqlari qulab tushdi.Ko‘prikda harakat to‘xtatildi, ko‘rfaz orqali paromlar qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi. 8-oktabr kuni kechki paytga kelib, ko‘prik orqali harakat qayta tiklana boshladi. 9-oktabr kuni ikkita polosa orqali harakat ham qayta yo‘lga qo‘yildi.
Kerch yarim orolini Taman yarim oroli bilan birlashtiruvchi Qrim ko‘prigi Rossiya va Yevropadagi eng uzun ko‘prik hisoblanadi — uning uzunligi 19 kilometrga teng. Ko‘prik qurilishi 2016-yil fevralida boshlanib, 2019-yil dekabrida to‘liq yakunlangan. Loyiha qiymati 220 milliard rubldan oshgan.
Ko‘prikning avtomobillar uchun mo‘ljallangan qismi 2018-yil mayidayoq ochilgandi. U orqali yo‘lovchi poyezdlar qatnovi esa 2019-yil 23-dekabrdan boshlandi. Muntazam temir yo‘l yuk qatnovi 2020-yil iyulida yo‘lga qo‘yildi.