Ukraina AQSHdan uzoq masofaga uchuvchi qurollar, jumladan, ATACMS (Army Tactical Missile System) raketalarini so‘ramoqda. Kiyevga bunday qurollar Rossiya hududiga, xususan, Qrimga zarba berish uchun kerak. Vashington esa bunday raketalarni berishdan bosh tortmoqda, deb xabar berdi The Wall Street Journal nashri amerikalik rasmiylar va Kongress vakillariga tayanib.
“Biz ularga bunday qurollarni bermayotganimiz sababi Qrimdagi nishonlarga zarba berishni ma’qullamasligimiz”, — dedi nashrga AQSH Kongressining ismini oshkor etmagan rasmiysi.
Ukraina rasmiylari amerikaliklarni bu raketalar go‘yoki Qrimda joylashgan dronlar bazasiga zarba berish uchun zarurligiga ishontirgan.
Ayni paytda, nashrning yozishicha, AQSH rasmiylari mojaroning hozirgi bosqichida Kiyev uzoq masofali raketalarga muhtoj emas, deb hisoblaydi. Agar ular Ukrainaga berilsa, Moskva bunday harakatni keskinlashuv sifatida baholashi mumkin.
Bundan tashqari, nashr suhbatdoshlarining aytishicha, AQSH ma’muriyati o‘z zaxiralari tugashidan qo‘rqib, Ukrainani ATACMS raketalari bilan ta’minlamoqchi emas. Oq uy rasmiylari Senat va Vakillar palatasi a’zolariga Ukrainaga raketalarning yetkazilishi Qo‘shma Shtatlar “harbiy kuchlarining jangovar tayyorgarligiga” putur yetkazishi mumkinligini aytgan.
Izoh (0)