Braziliya, Meksika va Argentina Amerika davlatlari tashkilotining (OAS) yillik yig‘ilishida Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyotini qoralovchi rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlamadi, deb xabar bermoqda Infobae.
Hujjatni Gvatemala tashqi ishlar vaziri Mario Bukaro taqdim etgan. “Rossiyaning Ukrainadagi agressiyasini to‘xtatish bo‘yicha izchil chaqiriqlar to‘g‘risida” deb nomlangan rezolyutsiyada Rossiya hukumatini “harbiy harakatlarni to‘xtatish, Ukrainadan qo‘shin va harbiy texnikasini olib chiqish hamda dialog va diplomatiya yo‘liga qaytishga chaqirish zarurati nazarda tutilgan”.
AQSH, Kanada, Kolumbiya, Antigua va Barbuda, Bagama orollari, Barbados, Beliz, Chili, Kosta-Rika, Dominikan respublikasi, Ekvador, Grenada, Gvatemala, Gayana, Gaiti, Yamayka, Panama, Paragvay, Peru, Surinam, Sent-Kits va Nevis, Sent-Lyusiya, Trinidad va Tobago hamda Urugvay rezolyutsiyani yoqlab ovoz bergan. OAS tarkibiga jami 35 ta davlat kiradi.
Aprel oyida OAS Kengashi Ukrainadagi jangovar harakatlar tufayli Rossiyaning tashkilotdagi kuzatuvchi maqomini to‘xtatib qo‘ygan edi.
Amerika davlatlari tashkiloti 1948-yilda AQSH tashabbusi bilan tashkil etilgan. OAS Kuba va Venesueladan tashqari Shimoliy va Janubiy Amerika davlatlarining mutlaq ko‘p qismini birlashtiradi. 70 ga yaqin davlat, jumladan Ukraina, Qozog‘iston va Gruziya tashkilotda kuzatuvchi davlat maqomiga ega.
Izoh (0)