Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Yakunlanayotgan hafta o‘zbekistonlik amaldorlar uchun og‘ir keldi. Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov boshchiligidagi yig‘ilishda besh nafar hokimning aybi birma-bir sanaldi va lavozimidan olindi. So‘kong‘ichligi bilan jamoatchilik e’tiborini tortgan Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov esa oylik maoshining 40 foizi miqdoridagi jarima bilan siylandi. “Daryo” o‘zbek amaldorlari uchun og‘ir kelgan haftaning eng shov-shuvli voqealarini yodga solishda davom etadi.

Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov raisligidagi yig‘ilishda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev qarori bilan Asaka, Farg‘ona, Paxtaobod, Nurobod va Andijon tumanlari hokimlari ishdan olingani ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda Sardor Umurzoqov Andijon tumani hokimiga “Egamberdiyev, janobi oliylari, selektor yig‘ilishida ayvonda o‘tirmayaptilarmi?”, deya kesatiq bilan murojaat qilgan.

Hamma ko‘rdi. Butun dunyoga sharmanda bo‘ldik. Ayvonda o‘tirib olib, masofani saqlashni bahona qildingiz, unday bo‘lsa, nega sektor rahbarlarini yoningizga o‘tqazib qo‘ydingiz? Fuqarolarga nisbatan hurmatsizlik, dimog‘dorlik, kibr-havo. Bu nima degan gap? Butun jamiyatimiz, ijtimoiy tarmoqda qizg‘in muhokama va e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Jamoatchilik oldida siz o‘zingizni emas, Andijon tumani hokimligini emas, butun davlat tizimini, butun prezident jamoasini obro‘sizlantirishga olib keldingiz. Shuning uchun hurmatli prezidentimiz qaror qabul qildilar: birinchidan, siz egallab turgan lavozimingizdan bugun ozod qilinasiz, ikkinchidan, sizning bu xatti-harakatingizga huquqiy baho beriladi”, — dedi Sardor Umurzoqov.
Umrzoqov shuningdek, Farg‘ona tumani hokimiga murojaat qilib “Mo‘minov, siz juda yaxshi bilasiz, alohida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sizning tumaningizda tendersiz yer maydonlarini ajratish bo‘yicha qarorlar chiqarilgan. Unumdor bo‘lgan 25 gektardan ko‘p yer maydonini biriktirish evaziga nimalar bo‘lganini ham juda yaxshi bilasiz”, — degan.

Sardor Umurzoqov ushbu yig‘ilishda Asaka tumani hokimini ham ishdan olish, zaldan chiqarib yuborish kerakligini ta’kidlab “...janob Alixonov. Yer ajratish masalasida 56 ta qaror bilan 2 ming 390 gektar yer noqonuniy ajratilgan. 2021—2022 yillarda, bir yarim yilning ichida yer bilan bog‘liq noqonuniy holatlar bo‘yicha 15 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Shuning uchun bugun prezidentimizning qarorlari bilan siz ham lavozimingizdan ozod etilasiz”, — degan bo‘lsa, Paxtaobod hokimi Usmonovga “Sizning topshirig‘ingiz bilan ‘Har bir oila — tadbirkor‘ dasturi doirasida ‘Barlos asali’ fermer xo‘jaligiga chorva hayvonlari uchun 4 milliard 800 million so‘mlik 291 ta imtiyozli kredit berilgan. Hozir qo‘ylar fuqarolarga haqiqatan yetkazib berilgani va boshqa holatlar o‘rganilmoqda. Alohida tekshirish bo‘lyapti. Bu o‘z yo‘liga. Boshqa holatlar ham bor. Ular dalil-isboti bilan, rasmi, audiosi bilan mening stolimda turibdi hozir. Bugun hurmatli prezidentimiz topshirig‘i bilan siz lavozimingizdan ozod etilasiz. Zaldan chiqib keting”, — degan.

Mazkur voqealar fonida Qorqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay O‘rinbayev qoraqalpog‘istonliklar murojaatini Telegram bot orqali qabul qilishini ma’lum qildi.

Mazkur haftada, shuningdek, Qashqadaryo viloyati va Buxoroda ayollarning o‘zini poyezd tagiga tashlab, joniga qasd qilish holati sodir bo‘ldi. Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida 38 yoshli ayol va 19 yoshli qiz o‘zini poyezd tagiga tashlab, o‘z joniga qasd qilgan bo‘lsa, buxorolik ayol yuk poyezdi tagida qolgani va vafot etgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, Farg‘ona viloyatida IIB xodimlari fuqaroni dastlab bo‘g‘gani, so‘ngra uni tepkilagani ko‘ringan video tarqaldi. Mazkur voqeaga munosabat bildirgan Ichki ishlar axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov IIB xodimlarining mazkur harakati sud tomonidan oqlanganini bildirdi. Jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan voqeaga qo‘shimcha axborot bergan Farg‘ona viloyati sudi IIB xodimlari dastlabki instansiyada oylik maoshining 30 foizi miqdorida jarimaga tortilgani, shuningdek, 2 yil muddatga axloq tuzatish jazosini olganini ochiqladi.

O‘tayotgan haftada Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida tug‘ilgan chaqaloq Samarqanddagi viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga davolanishga yuborilgani va mazkur shifoxonda dom-daraksiz yo‘qolgani xabar qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, ota-onasi tomonidan yaxshi niyatlarda Asilbek Ollaberganov deya ism berilgan chaqaloq 2022-yilning 10-may kuni Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasining tug‘ruq bo‘limida dunyoga kelgan.
Bolam kesarcha kesish yo‘li bilan tug‘ildi. Ahvoli va sog‘lig‘i yaxshi edi. Shunga qaramasdan 12 may kuni “vakum”da davolash uchun Samarqandga yuborildi. Mening sog‘lig‘im yaxshi bo‘lmaganligi sabab tug‘ruqxonada qoldim. Bolam esa dadasi va mening onam hamrohligida E’zoza Umarova ismli ayolning egizak farzandlari bilan birga Samarqand shahriga olib ketildi. Men esa Samarqandga 19 may kuni yetib bordim. Borsam, qo‘limga notanish bolani tutqazishdi. Shunda «bu mening bolam emas, almashib qolgan dedim”, — degandi murojaatchi Ziyoda Jovliyeva.
Namangan viloyatida 2006-yilda tug‘ilgan bola esa ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlikka erishish uchun poyezd yo‘lidagi elektr simyog‘ochga chiqib suratga tushishga uringanda uni tok urgan.

“Daryo” o‘quvchilariga eng shov-shuvli voqealarni ulashishda davom etadi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
O‘zbekistonda 175 kishining pasportiga IMEI kodlari noqonuniy ro‘yxatdan o‘tkazilgani aniqlandi
Dunyo
Pablo Eskobar buyrug‘i bilan portlatilgan Boeing, “Nevskiy ekspress” poyezdidagi terakt va sovet hukumatiga qarshi boshlangan Slutsk qo‘zg‘oloni. Kun xronologiyasi...
Mahalliy
Uy-ro‘zg‘or ishlari ayollarning iqtisodiy faolligini tushiradi: O‘zbek ayolining martabaga erishish imkoniyatlari tahlil qilindi