Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida tug‘ilgan chaqaloq davolanish uchun Samarqanddagi shifoxonaga yuborildi va dom-daraksiz yo‘qoldi. Bu haqda “Daryo”ga bolaning onasi Ziyoda Jovliyeva xabar berdi.

Yo‘qolgan chaqaloq.

Yo‘qolgan chaqaloq.
Foto: “Daryo” / Ziyoda Jovliyeva

Ma’lum bo‘lishicha, ota-onasi tomonidan yaxshi niyatlarda Asilbek Ollaberganov deya ism berilgan chaqaloq 2022-yilning 10-may kuni Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasining tug‘ruq bo‘limida dunyoga kelgan.

Bolam kesarcha kesish yo‘li bilan tug‘ildi. Ahvoli va sog‘lig‘i yaxshi edi. Shunga qaramasdan 12-may kuni “vakum”da davolash uchun Samarqandga yuborildi. Mening sog‘lig‘im yaxshi bo‘lmaganligi sabab tug‘ruqxonada qoldim. Bolam esa dadasi va mening onam hamrohligida E’zoza Umarova ismli ayolning egizak farzandlari bilan birga Samarqand shahriga olib ketildi. Men esa Samarqandga 19-may kuni yetib bordim. Borsam, qo‘limga notanish bolani tutqazishdi. Shunda “bu mening bolam emas, almashib qolgan”, dedim”, — deydi murojaatchi Ziyoda Jovliyeva.
Qashqadaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh pediatri G‘.Olmosov hamda Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i E.Arziyevning viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘iga yozgan ma’lumotnomasida Ziyoda Jovliyevaning farzandi muddatidan avval, 35 haftalik bo‘lib tug‘ilgani, undagi kasallikni davolash uchun Qarshi shahridagi bolalar shifoxonasida imkoniyat yo‘qligi ma’lum qilingan.

Foto: Skrinshot
Ziyoda Jovliyevaning farzandida aniqlangan kasallikni davolash uchun bola Samarqand shahriga yuborilgan. Chaqaloq Samarqandga yuborilishidan avval unga tug‘gan onasining ism-sharifi, tug‘ilgan sanasi, jinsi va vazni yozilgan yorliq yopishtirilib, keyin shifoxonaga olib ketilgan”, — deyiladi mazkur ma’lumotda.
Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Mamatqul Azizovning “Daryo”ga ma’lumot berishicha, uch nafar chaqaloq — Ziyoda Jovliyevaning Asilbek, E’zoza Umarovaning Hasan-Husan ismli farzandlari shifoxonaga olib kelinganda ularda yorliq bo‘lmagan.
Egizaklar 12-may kuni soat 10:30 da, Ziyoda Jovliyevaning chaqalog‘i esa 10:45 da bo‘lim mudiri Aziza Mirmuhamedova, hamshira Farangiz Isayeva tomonidan qabul qilib olingan. Qabul vaqtida yangi tug‘ilgan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar yozilgan yorliq (birka) bo‘lmagan. Neonatologiya bo‘limida esa har bir qabul qilingan bemorga maxsus stiker yopishtirilishi haqida nizom mavjud. Unda bemor haqida ma’lumot to‘ldiriladi (onasining FISH, bolaning tug‘ilgan sanasi, kasalxonaga yotqizilgan sana va vaqt, vazni va bo‘yi, turar-joy manzili, shifokorning to‘liq ismi) va kasallik tarixi rasmiylashtirilgan”, — deydi viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Mamatqul Azizov.
Murojaatchi ona Ziyoda Jovliyeva ham farzandi Chiroqchidan Samarqandga yuborilayotgan paytda unda yorliq bo‘lganini aytmoqda.Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasining ma’lumot berishicha, 2022-yilning 12-may kuni viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining neonatologiya bo‘limiga olib kelingan egizaklarning biri 14-may kuni vafot etgan.
12-may kuni E’zoza Umarovaning egiz chaqaloqlari ko‘rsatma bo‘yicha yurak Exo-KG tekshiruvidan o‘tkazilganda ikkinchi farzandida “Tug‘ma yurak nuqsoni” borligi aniqlanib, qarindoshlariga bu haqda ma’lumot berilgan. Ushbu bemor ahvoli dinamikada og‘irlashib, 14-may kuni soat 09:00 da chaqaloqda biologik o‘lim sodir bo‘lgan”, — deyiladi mas’ullar ma’lumotida.
Yozma ma’lumot berilishicha, bu haqda IIBga xabar berilgan.
Samarqand viloyat prokuraturasi, Samarqand viloyat IIB, Samarqand viloyat SSB boshliqlarining 2019-yil 16-oktabrdagi Onalar va go‘daklar o‘limi holatlarini ro‘yxatga olishda qonuniylikni ta’minlash, hisobotlar haqqoniyligiga erishish hamda tekshiruvlar sifatini oshirish bo‘yicha qo‘shma ko‘rsatma xatiga asosan ota-onasining qarshiligi bo‘lganligi sababli dalolatnoma rasmiylashtirilib, patologik-anatomik tekshiruvidan o‘tkazilmasdan bola jasadi ota-onasiga berib yuborilgan. Neonatologiya bo‘limida chaqaloqlarga standart protokollariga asoslangan holda diagnostik, davo muolajalari to‘liq hajmda o‘tkazilgan, malakali tibbiy yordam ko‘rsatilgan”, — deydi Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Mamatqul Azizov.

Yo‘qolgan chaqaloqning tug‘ilganligi haqidagi guvohnomasi.

Yo‘qolgan chaqaloqning tug‘ilganligi haqidagi guvohnomasi.
Foto: “Daryo” / Ziyoda Jovliyeva

Murojaatchi ona Ziyoda Jovliyeva 19-may kuni shifoxonaga borganida shifokorlar adashib, unga E’zoza Umarovaning egizaklaridan birini tutqazganini, buni o‘sha paytning o‘zida shifokorlarga aytganini bildirmoqda.

Men onaman-ku, bolamni taniyman-da. 19-may kuni shifoxonaga borgan paytim mening qo‘limga begona bolani tutqazib qo‘yishdi. Men bu bola mening bolam emasligini aytdim. Adashtirilganini bildirdim. Ammo quloq solishmadi. Aslida mening bolam E’zozada bo‘lgan”, — deydi murojaatchi.
Aniqlanishicha, E’zoza Umarova oilasi 14-may kuni vafot etgan chaqaloqni yerga qo‘ygach, Ziyoda Jovliyevaning qo‘lidagi farzand uniki ekanligini aytib, shifokorlarga shikoyat qilgan. Va yashirincha bola so‘lagidan andoza olib, bolaning biologik onasini aniqlash tekshiruvini amalga oshirgan.
2022-yil 23-may kuni E’zoza Umarovaning bir nafar farzandi va Ziyoda Jovliyevaning farzandi ahvoli yaxshilanganligi sababli uyiga javob berishga qaror qilindi. Shu vaqtda E’zoza Umarova Ziyoda Jovliyevaning qo‘lidagi farzand uning bolasiga o‘xshashligini, bolalari almashib qolgan degan gumoni borligini aytib, yashirin tarzda ikkala chaqaloqlar so‘lagidan olib, tanishi orqali Toshkent shahriga DNK tekshiruviga yuborganligini aytdi. Shundan so‘ng markaz ma’muriyati va qarindoshlari bilan kelishilgan holda DNK testi xulosasi chiqquncha chaqaloqlarga uyiga javob berildi. 2022-yil 1-iyun kuni DNK xulosasiga ko‘ra Ziyoda Jovliyevaning chaqalog‘i E’zoza Umarovaning egizak farzandlaridan biri ekani ma’lum bo‘ldi”, — deyiladi Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Mamatqul Azizovning “Daryo”ga bergan ma’lumotida.
Ta’kidlanishicha, shundan so‘ng Ziyoda Jovliyevaning turmush o‘rtog‘i Otabek Ro‘zimov ham ota-onalikni tasdiqlash maqsadida DNK tekshiruvini o‘tkazgan. 2022-yilning 15-iyun kuni chiqqan DNK xulosasiga ko‘ra, Ziyoda Jovliyevaning qo‘lidagi chaqaloq ularning farzandi emasligi ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng bola E’zoza Umarovaga berilgan.

Murojaatchi Ziyoda Jovliyevaning “Daryo”ga qo‘shimcha qilishicha, E’zoza Umarova hamda u DNK qilib talashgan bola ham vafot etgan.

Biz DNK qildirgan bola haqiqatdan ham egizaklarning biri bo‘lgan. Men 19-may kuni shifoxonaga borgan paytim menga begona bola berishganini aytgandim. Demak, uning ikkinchi egizagi menda bo‘lgan. Birinchi egizak 14-may kuni vafot etgandi. E’zoza Umarovaning mendan tortib olgan bolasi ham vafot etibdi. Aslida uning ikki nafar egizagi ham vafot etdi. Egizaklar o‘zi shunaqa bo‘ladi, biri vafot etsa, ikkinchisi ham yasholmaydi. Uning qo‘lidagi bola esa mening farzandim. Shuning uchun ham u bizga chaqaloqning yuzini ham ko‘rsatmayapti”, — deydi murojaatchi ona.
Mas’ullarning qo‘shimcha qilishicha, ushbu holat yuzasidan vafot etgan chaqaloq kimga tegishli ekanligi va ushbu chaqaloqlar qayerda almashib qolganligini aniqlash maqsadida Samarqand shahar prokuraturasi va IIBga chaqaloqlarga tegishli hujjatlar taqdim etilgan. Hozirgi kunda surishtiruv-tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
“Ukrainadagi urushni Rossiya boshlamagan” — Putin (video)
Mahalliy
O‘zbekistonda davlat tashkilotlari mashinalariga gaz quyish vaqtincha taqiqlandi
Mahalliy
Toshkentda Cobalt yo‘ldan o‘tayotgan ona-bolani urib yubordi (video)