Rossiyada e’lon qilingan safarbarlikka qarshi 25—26-sentabr kunlari Dog‘istonda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari Ukraina Qurolli kuchlarining maxsus operatsiya kuchlari bosh razvedka boshqarmasi bo‘linmasi rahbarligida tayyorlangan, dedi Dog‘iston rahbari Sergey Melikov o‘z videomurojaatida.
“Bugungi kunda bizda ushbu tarmoqlar UQK maxsus operatsion kuchlari bosh razvedka boshqarmasining mafkuraviy va psixologik operatsiyalar markazi tomonidan boshqarilayotgani haqida ma’lumotlar bor. Albatta, to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki Kiyevdan turib emas”, — dedi u.
Hudud rahbarining so‘zlariga ko‘ra, norozilik harakatiga boshchilik qilgan markazlar “Ukraina, Polsha, Turkiya, Gruziya hududida joylashgan”. Avvalroq Melikov namoyishlarni xorijdan uyushtirilgan provokatsiya deb atagandi.
Dog‘istonda safarbarlikka qarshi aksiyalar hudud poytaxti Maxachqal’a, shuningdek, respublikaning ikkinchi yirik shahri Xasavyurtda bo‘lib o‘tdi. OAV yozishicha, ayrim namoyishchilar hibsga olingan. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda Endirey qishlog‘i aholisi norozilik bildirib, Xasavyurt—Maxachqal’a avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygani, politsiya havoga o‘q uzgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Izoh (0)