Amerikaning Apple kompaniyasi talabning sustligi sababli yangi iPhone 14 modellarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish rejalaridan voz kechdi. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.
Kompaniya yetkazib beruvchilarga joriy yilning ikkinchi yarmida iPhone 14 ishlab chiqarishni 6 million dona smartfonga oshirish niyatida emasligini bildirdi.
Buning o‘rniga Apple 90 million smartfon ishlab chiqarishni maqsad qilgan, bu deyarli o‘tgan yilning ikkinchi yarmidagi kabi va kompaniyaning joriy yozda e’lon qilingan ko‘rsatmalariga mos keladi.
Apple iPhone 14 taqdimoti oldidan ishlab chiqarish prognozlarini yangiladi. Kompaniyaning ba’zi yetkazib beruvchilari smartfonlarga buyurtmalarni 7 foizga oshirishga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi.
Biroq haqiqatda ma’lum bo‘lishicha, yangi modellarga talab cheklangan edi. Eng yirik smartfon bozori bo‘lgan Xitoyda iPhone sotuvi iqtisodiy inqiroz tufayli so‘nggi paytlarda pasaymoqda.
Jefferies ma’lumotlariga ko‘ra, sotuvga chiqarilgandan keyingi dastlabki uch kunda mamlakatda iPhone 14 buyurtmalari soni o‘tgan yilning shu davridagi iPhone 13 buyurtmalari sonidan 11 foizga kam bo‘lgan.
Bundan tashqari, bu yil yuqori inflyatsiya, retsessiya qo‘rquvi va ta’minot zanjiri uzilishlari tufayli global elektronika talabi pasaygan. IDC prognoziga ko‘ra, smartfon bozori 2022-yilda 6,5 foizga qisqarishi kutilmoqda.
Avvalroq Apple Hindistonda iPhone 14 smartfonlarini ishlab chiqarishni boshlagani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)