Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning 20-sentabr kuni telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Davlat rahbarlari Qirg‘iziston–Tojikiston chegarasida yaqinda yuz bergan fojiali voqealar yuzasidan fikr almashdi. Shavkat Mirziyoyev qurbon bo‘lganlarning oilalari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi hamda vaziyatning avj olishini to‘xtatish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlarga erishilganini chin dildan olqishladi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida o‘tkazilgan tadbirlarning sermahsul yakunlarini muhokama qildi. Ustuvor yo‘nalishlardagi kooperatsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish, shu jumladan, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lini qurish loyihasini ilgari surish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Bo‘lajak oliy darajadagi, shu jumladan, mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi uchrashuvlarga tayyorgarlikning borishi ham ko‘rib chiqildi.
Mavzuga doir: Shavkat Mirziyoyev Emomali Rahmon bilan tojik-qirg‘iz chegarasidagi vaziyat bo‘yicha gaplashdi
Izoh (0)