Polshaning Osina qishlog‘idagi makkajo‘xori dalasiga 20-avgustga o‘tar kechasi Rossiya droni qulab tushdi va portladi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Portlash yuz bergan hudud Ukraina bilan chegaradan taxminan 100 kilometr va Belarus bilan chegaradan 90 kilometr uzoqlikda joylashgan .
Rossiya yana NATOga a’zo davlatlarni qo‘zg‘atmoqda. Ruminiya, Litva va Latviyadagi dronlar bilan bog‘liq voqealardan so‘ng biz yana Rossiya droniga to‘qnash keldik. Bu tinchlik bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgan o‘ziga xos pallada yuz bermoqda, dedi Polsha mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish.
U holat bo‘yicha nafaqat uning idorasida, balki Ichki ishlar vazirligida ham brifinglar o‘tkazilayotganini aytdi. Voqea tafsilotlari bosh vazir, Tashqi ishlar vazirligi va mamlakat ittifoqchilariga ham ma’lum qilingan.
Hodisa tafsilotlari
Portlash mahalliy vaqt bilan taxminan yarim tunda sodir bo‘lgan. Huquq-tartibot idoralariga bu haqda tungi soat ikkidan keyin xabar berishgan. Voqea joyidan yonib ketgan temir va plastmassa bo‘laklari topilgan, ular 8–10 metr atrofida sochilib yotgan.
Portlash oqibatida hech kim jarohatlanmagan, biroq yaqin atrofdagi binolarning oynalari singan. Polsha qurolli kuchlari vakillari ta’kidlashicha, bu vaqtda mamlakat havo hududi buzilishi qayd etilmagan. Shu bilan birga, agar u past balandlikda uchgan bo‘lsa, dron harbiylar tomonidan aniqlanmagan bo‘lishi mumkin.
Dronning kelib chiqish versiyalari
Portlash joyini ko‘zdan kechirish shuni ko‘rsatadiki, ... obyekt, ehtimol, harbiy uchuvchisiz uchoqdir, dedi Lyublin voyevodeligi prokurori Gjegoj Trusevich.
U dron fuqarolik yoki kontrabanda maqsadida ishlatilish ehtimolini istisno qildi.
Polshaning PAP davlat axborot agentligi esa Mudofaa vazirligi manbalariga tayangan holda shunday ma’lumot berdi: u harbiy dron bo‘lgan, biroq u jangovar kallak bilan jihozlanmagan, faqat kichik hajmda portlovchi moddani olib yurgan va, ehtimol, hujum vaqtida havo mudofaa tizimlarini chalg‘itish uchun qo‘llangan.
Rzeczpospolita gazetasi esa manbasini ko‘rsatmasdan, katta ehtimol bilan qulagan obyekt Rossiya armiyasi tomonidan Ukrainadagi urushda qo‘llanilgan Shahed tipidagi dron ekanini yozgan.
Polsha va qo‘shni mamlakatlardagi avvalgi shunga o‘xshash hodisalar
- 2022-yil noyabr oyida Polshaning Pshevoduv qishlog‘ida raketa qulab tushdi. Mahalliy OAV va hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, u Rossiya hujumi paytida Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan uchirilgan. Oqibatda ikki nafar mahalliy fuqaro halok bo‘lgan.
2023-yil dekabr va 2024-yil mart — Polsha rasmiylari mamlakat hududi ustidan Rossiya raketalari uchib o‘tganini rasman ma’lum qildi.
2024-yil dekabr oyida Moldova prezidenti Mayya Sandu ham xuddi shunday bayonot bilan chiqdi. Qo‘shni Ruminiya Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiganing Rossiya raketasi ushbu mamlakat havo hududini ham buzgani haqidagi so‘zlarini tasdiqlamadi.
2024-yil sentyabr Latviyada Rossiya droni qulagani haqida xabar berildi.
2025-yil iyul Litva hukumati ikki marta Belarus hududidan uchib kelgan dronlar haqida ma’lum qildi.
Izoh (0)