Rossiyada 15 nafar O‘zbekiston fuqarosining huquqi tiklandi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya poytaxtidagi “Elektro Siti Svet” qurilish korxonasida ishlayotgan 15 nafar fuqaroning may, iyun, iyul oylari uchun ish haqi to‘lanmagani haqida murojaat kelib tushgan.
Ushbu murojaat yuzasidan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi negizidagi Mehnat migrantlarining murojaatlari bilan ishlash va ularga huquqiy ko‘maklashish markazi xodimlari ish beruvchi bilan muzokara o‘tkazdi. Natijada fuqarolarning 1,5 oy uchun (may oyi to‘liq va iyun oyining yarmi) 1 million 50 ming rubl ish haqi undirib berildi.
Ish beruvchi qolgan qarzdorlikni 10-sentabrga qadar to‘lab berishini va’da qildi. Ayni paytda fuqarolar ushbu korxonada mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda.
Izoh (0)