AQSH Davlat departamenti va Kiyevdagi elchixonasi Ukraina hududida bo‘lib turgan Amerika fuqarolarini zudlik bilan mamlakatni tark etishga chaqirdi, deb yozadi “Interfaks”.
Bu, xabarda aytilishicha, Davlat departamenti tomonidan tarqatilgan, harbiy harakatlar kuchayishi mumkinligi haqidagi ma’lumot bilan bog‘liq.
Davlat departamentining Ukrainada qolayotgan amerikaliklarga qaratilgan tavsiyalarida portlash ovozlari yoki havo trevogasi signallari yangragan taqdirda, ular qanday tartibda harakatlanishi kerakligi aytiladi.
Davlat departamentining xabari Amerika razvedkasining 22-avgust, dushanba kuni oshkor qilingan xulosalariga asoslangan, deb yozadi AP.
Avvalroq Amerika razvedkasi Rossiya Ukrainaning davlat obyektlariga zarbalar berishga tayyorlanayotgani haqida ogohlantirgandi.
Yil boshidan beri AQSH elchixonasi bir necha bor o‘z fuqarolarini Ukrainani, shuningdek, Rossiyani tark etishga chaqirdi. Mart oyi boshida e’lon qilingan tavsiyalarida elchixona Rossiyada qolishning ishonchsizligi sabablari qatorida Ukrainadagi voqealar, havo qatnovi bilan bog‘liq muammolar, Rossiya xavfsizlik kuchlari tomonidan AQSH fuqarolariga hujum qilish xavfi va teraktlar ehtimolini tilga olgan. Avval, yanvar oyi o‘rtalarida AQSH Davlat departamenti diplomatlar va ularning oila a’zolari Ukrainadan evakuatsiya qilinishini e’lon qilgan edi.
Izoh (0)